O‘zbekistonda avtokreditlar bo‘yicha qarzdorlar soni 2,7 barobar ko‘paydi

O‘zbekistonda avtokreditlar bo‘yicha qarzdorlar soni 2,7 barobar ko‘paydi

O‘zbekistonda 2019 yilning 1 iyul holatiga avtokreditlar bo‘yicha 85 ming kishi qarzdor bo‘lgan. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlariga tayanib, Spot xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur ko‘rsatkich 2018 yilning mos davriga nisbatan 2,9 martaga, 2017 yilga nisbatan esa 12 barobarga ko‘p. Yopilmagan avtokreditlarning umumiy soni 4518 tani tashkil qilgan bo‘lib, bu 2018 yildagiga nisbatan 2,7 marta, 2017 yilga nisbatan esa 19 marta ko‘proqni tashkil qiladi.

Avtokreditlar bo‘yicha qarz yuki, ya’ni kredit bo‘yicha oylik to‘lovlarning qarz oluvchining oylik daromadiga nisbati 67,3 foiz holatda tavsiya etiladigan darajadan yuqori bo‘lgan. Bu barcha kredit turlari ichida eng yuqori daraja hisoblanadi.

Qarz oluvchilarning katta qismi, ya’ni 30,5 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Undan keyingi o‘rinlardan Navoiy viloyati 7 foiz bilan va Toshkent viloyati 6,8 foiz bilan joylashgan. Avtokreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 24 foizni, qarzni so‘ndirishning o‘rtacha muddati esa 3,4 yilni tashkil qiladi.

Markaziy bank tomonidan qayd etilishicha, xalqaro tajriba bunday muammoli holatning xavfli ekanligini ko‘rsatadi. U aholining ijtimoiy-moliyaviy holati yomonlashishiga olib kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan, aholining qarz yuki haddan ortiq oshib ketishining oldini olishga qaratilgan hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Hujjatga ko‘ra, jismoniy shaxsning qarz yuki ko‘rsatkichi 50 foizdan oshishi mumkin emas.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!