Rossiya Hindistondan pulini ololmadi

Rossiya Hindistondan pulini ololmadi

Hindiston bilan Rossiya nefti uchun mamlakatda qolib ketgan milliardlab rupiylar taqdiri bo‘yicha bir yildan ortiq davom etgan muzokaralar Kreml uchun fiasko bilan yakunlandi.

Moskva ilgari surgan variantlardan hech biri amalga oshirilmagan. Va Rossiya kompaniyalarining pullari Hindistonda qoladigan bo‘ldi, deb yozadi Hundu Businessline yuqori lavozimli manbaga tayanib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, milliardlab dollarga baholangan rupiyadagi mablag‘ Hindiston iqtisodiyotiga sarmoya qilinadi.

Hindiston valyutasida hisob raqamlarini ochgan Rossiya banklari, jumladan, Rosbank va Gazprombankga qimmatli qog‘ozlarga, shuningdek, yirik investisiya loyihalariga rupiyada sarmoya kiritishga ruxsat berilgan.

Rossiya endi ularni mamlakatdan olib chiqishga urinmayapti, deydi Businessline manbasi. Rupiyni Xitoy yuaniga yoki BAA dirhamiga aylantirish variantlari ko‘rib chiqildi, ammo hozirda hind valyutasi «foydali sarmoyaga kiritildi», dedi nashr manbasi. Rossiya pullari hisobidan moliyalashtirilgan loyihalar orasida Vande Bharat temir yo‘llari uchun poyezdlar qurilishi ham bor.

Dastlab, Rossiya rasmiylari Hindiston Markaziy banki rupiylarni yechib olishga va ularni Moskva birjasida sotishga ruxsat berishiga umid qilishgan - birjaning biznesni rivojlantirish bo‘yicha boshqaruvchi direktori Kirill Pestov bu haqda 2023 yil mart oyida gapirgan edi.

Yana bir variant hind tovarlarini sotib olish uchun neft rupiylaridan foydalanish edi. 2022 yil noyabr oyida Rossiya rasmiylari delegasiyasi Nyu-Dehliga bordi va Hindiston Rossiya Federasiyasiga sotishi mumkin bo‘lgan 500 ga yaqin savdo tovarlari ro‘yxatini taqdim etdi. Unga yog‘ nasoslari, bamperlar, to‘qimachilik sanoati uchun uskunalar, jumladan, iplar va bo‘yoqlar, shuningdek, metallurgiya uchun 200 ga yaqin mahsulotlar va boshqa narsalar kirgan edi. Javob tashrifi 2023 yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tdi, biroq bu jarayondan siljish bo‘lmadi.

Urush boshidan beri Rossiya neftining importini 33 baravar oshirib, Rossiya neft kompaniyalari uchun ikkinchi yirik mijozga aylangan Hindiston hanuzgacha Rossiyaga deyarli tovar yetkazib bermayapti. 2023-24 yillarda uning eksporti atigi 4,26 milliard dollarni tashkil etdi, Rossiyadan import esa 61,44 milliard dollarga yetgan.

Bu o‘zaro savdoda ulkan nomutanosiblikni keltirib chiqaradi, bu esa sanksiyalar tufayli jahon valyutalarini chetlab o‘tishga olib keladi. Natijada, Bloomberg Economics avvalroq Rossiya kompaniyalari Hindiston hisoblarida oyiga 3 milliard dollar miqdorida rupiy yig‘moqda deya baholagan edi.

Reutets agentligining Rossiya bank doiralaridagi manbasiga ko‘ra, o‘tgan yilning avgust oyi holatiga ko‘ra, «qotib qolgan» summa 39 milliard dollarga yetgan, bu Rossiya iqtisodiyotining yillik eksport daromadlarining deyarli o‘ndan bir qismidir. Rossiya rasmiylari bu miqdor sezilarli darajada kamroq ekanligini da’vo qilgan, ammo aniq raqamlarni keltirmagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!