Ukrainaga o‘nlab raketa va uchuvchisiz samolyotlar uchdi. Tafsilotlar ma’lum

Ukrainaga o‘nlab raketa va uchuvchisiz samolyotlar uchdi. Tafsilotlar ma’lum

8 mayga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaning energetika infratuzilmasiga yirik raketa hujumi uyushtirdi. Butun mamlakat bo‘ylab havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi.

Olti viloyat: Poltava, Kirovograd, Zaporoje, Lvov, Ivano-Frankivsk va Vinnitsadagi elektr energiyasi ishlab chiqarish va uzatish ob’ektlari zarar ko‘rdi, dedi Ukraina energetika vaziri German Galushchenko. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatlariga oydinlik kiritilmoqda, allaqachon ularni bartaraf etish ustida ishlanmoqda. «Ukrenergo» markaziy mintaqadagi ishlab chiqarish ob’ektlaridan birida uskunaning shikastlanishini tasdiqladi.

Raketa hujumi Kiyevga ham qaratildi. Biroq Kiyev shahar harbiy boshqarmasi boshlig‘i Sergey Popkoning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt hududidagi barcha havo nishonlar havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan yo‘q qilingan.

Shuningdek, u zarba Tu-95MS strategik bombardimonchi samolyotlaridan uchirilgan Kh-101/Kh-555/Kh-55 raketalari bilan amalga oshirilganiga aniqlik kiritdi.

“Dushman ukrainaliklarni yorug‘likdan mahrum qilish rejalaridan voz kechmayapti. Elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanish har birimizning g‘alabaga qo‘shgan hissamizdir. Ertalab va kechqurun mas’uliyatli iste’mol qilish ayniqsa muhimdir ", dedi Galushchenko.

Kiyev viloyatining Brovari shahrida raketa hujumi natijasida fuqarolik infratuzilmasi ob’ektida yong‘in sodir bo‘ldi, «ikki kishi jarohat oldi», dedi Brovari meri Igor Sapojko.

Viloyat harbiy boshqarmasi boshlig‘i Ruslan Kravchenkoning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev viloyatiga kamikadzelar va qanotli raketalar hujum qilgan, havo hujumi haqida ogohlantirish deyarli to‘rt soat davom etgan. Kravchenkoning aytishicha, turar-joy yoki muhim infratuzilmaga hech qanday zarba bo‘lmagan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina hukumati tomonidan tunda xabar qilingan energetika obektlariga navbatdagi ommaviy hujumni Ukrainada 8 may kuni nishonlanadigan Ikkinchi jahon urushida nasizm ustidan qozonilgan g‘alaba va xotira kuni bilan bog‘ladi.

“Lvov, Vinnitsa, Kiyev, Poltava, Kirovograd, Zaporoje, Ivano-Frankivsk viloyatlaridagi infratuzilmalar bo‘ylab 50 dan ortiq raketalar va 20 dan ortiq «shahedlar». Terror oqibatlarini bartaraf etib, barcha zarur xizmatlar hozirdanoq ishlamoqda”, — dedi Zelenskiy.

«Butun dunyo kim kimligini aniq tushunishi kerak. Butun dunyo nasizmga yana bir imkoniyat berishga haqqi yo‘q», — deyiladi telegramda e’lon qilingan bayonotda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!