Yangi petisiya: Pensiya tayinlashni qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi

Yangi petisiya: Pensiya tayinlashni qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi

«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga yangi petisiyalar joylashtirilishi davom etmoqda. Jumladan, yaqinda maktab direktorlari saylovini joriy etish haqidagi petisiya ovozga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. 

Kecha, 5 iyun kuni ikki murojaat Oliy Majlisda ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilindi. Ushbu murojaatlar qisqa muddat ichida 10 000 dan ziyod ovoz to‘plagan, deb yozdi "xabar.uz".

Bugun, 6 iyun kuni portalga «Nafaqalar tayinlashni qayta ko‘rib chiqish haqida» yangi petisiya ovozga qo‘yildi.

Murojaat muallifining yozishicha, qonunchiligimizda jamoa xo‘jaligi (eski kolxozlar)da ishlab, nafaqaga chiqqan shaxslarga davlat tomonidan pensiya tayinlashda noaniqliklar mavjud. Ya’ni mazkur toifadagi pensionerlarga pensiya tayinlash vaqtida ish stajini hisoblashda biroz adolatsizlik bilan yondoshilmoqda. Xususan, arxiv hujjatlariga asoslangan holda jamoa xo‘jaligida ishlagan shaxsning 365 kunlik mehnati bir yil hisobida ko‘rilmoqda. Natijada, agar jamoa xo‘jaligi a’zosi 25 yil ishlagan bo‘lsa – 11 yil, 37 yil bo‘lgan bo‘lsa – 23 yil, 40 yil ishlagan bo‘lsa – 25 yil hisoblab chiqarilmoqda. Ajablanarlisi, ushbu muddatdan kelib chiqqan holda pensiya miqdori tayinlanmoqda. Uzoq yillar umrini jamoa xo‘jaligi ishiga bag‘ishlagan oddiy odamlarga shu yo‘sinda pensiya tayinlanishi adolatdan bo‘larmikan?

«Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, jamoa xo‘jaligi (eski kolxozlar)da ishlab, nafaqaga chiqqan shaxslarga davlat tomonidan to‘lanadigan nafaqalar tizimini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilamiz», deyiladi jamoaviy murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, yurtdoshlarimiz «Facebook» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali ham portalda ro‘yxatdan o‘tishlari va ovoz berishda ishtirok etishlari mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!