Xushyor bo‘ling! 1 trillion AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlar qalbaki

Xushyor bo‘ling! 1 trillion AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlar qalbaki

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda xalqaro miqyosdagi umumiy savdo hajmining 7 foizi yoki 1 trillion AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlar qalbaki ekan. Dunyodagi iste’mol qilinayotgan alkogol mahsulotlarining 30 foizi qo‘lbola. Dori-darmonlar statistikasi ham odamni hushyor torttirishi aniq: farmasevtikadagi jami ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 10 foizi soxta preparatlardir.

Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi materiallarida keltirilishicha, so‘nggi 5 yilda ular bilan savdo qilish 90 foizga oshgan. Qo‘lbola dori vositalari yiliga 700 ming odamning umriga zomin bo‘lmoqda. Eng yomoni, qo‘lbola tamaki mahsulotlari tarkibidagi qo‘rg‘oshin 6 marta, qatron 160 foiz, uglerod oksidi esa 133 foizga mo‘l. Aynan tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasidan jahon mamlakatlari byudjeti 40 mlrd. AQSh dollaridan ortiq mablag‘ yo‘qotadi. Bu — jahon miqyosida. O‘zbekistonda ham raqamlar kichik emas.

Ko‘rilayotgan kompleks choralarga qaramay, noqonuniy aylanayotgan, past sifatli, kontrofakt va qalbakilashtirilgan mahsulotlar hajmining oshishi kuzatilmoqda. Alohida turdagi tovarlarning respublikaga noqonuniy olib kirilishi yoxud ishlab chiqarilishi, sotilishi va iste’mol qilinishi kishini tashvishga soladi, albatta.

Prezidentimizning “Alohida turdagi tovarlarni markirovkalashning zamonaviy usullarini joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori xuddi shu kabi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2019 yilning 1 avgustidan e’tiboran mamlakatimizda tovarlar toifasidan kelib chiqib, import qilinayotgan va respublikada ishlab chiqarilayotgan tovarlarni himoyalangan belgi hamda nano-molekulyar texnologiyadan foydalangan holda majburiy markirovkalash bosqichma-bosqich joriy etiladi.

— Joriy yilning o‘tgan 11 oyida 727 million so‘mlik spirt va spirtli ichimliklar, 2,5 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlari, eng ko‘pi, ya’ni 7 milliard so‘mlik dori vositalari noqonuniy kirib kelishining oldi olindi, — deydi Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Baxtiyor Abdug‘aniyev. — Endilikda yangi tartibga ko‘ra, chegaradan kirib kelayotgan qonuniy import tovarlarga maxsus markalar yopishtiriladi va ularning iste’molchilarga yetib borgan holatigacha onlayn nazorat qilinadi. Bu esa noqonuniy mahsulotlarning bozor rastalariga chiqib qolishiga chek qo‘yadi.

Manba: xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!