Toshkent shahrida ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun 60 gektar yer auksionga chiqariladi

Toshkent shahrida ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun 60 gektar yer auksionga chiqariladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda esa 20 gektardan yerlar shu maqsadda onlayn auksionga qo‘yilishi belgilandi. Mas’ul vazirliklar “Renovasiya to‘g‘risida” qonun loyihasi iyun oyida hukumatga kiritishi kerak.

O‘zbekistonda uy-joy tannarxini pasaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Prezident 30 aprel kuni imzolagan farmonga ko‘ra, dastur 2024 yil may oyida tayyor bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Bosh prokuraturaga uy-joylar narxi asossiz oshib ketishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish topshirildi.

Hujjatga asosan, birlamchi uy-joy bozoridagi talabni qondirish maqsadida 2024 yil may oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 20 gektardan, Toshkent shahrida esa 60 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari aniqlanishi kerak.

Aniqlangan yer uchastkalari ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun onlayn auksionga chiqariladi.

2025 yil 1 yanvargacha yangi elektr dvigatel orqali boshqariladigan telfer (lebedka) va ko‘tarish moslamasi (domkrat) import bojxona bojidan ozod etildi (bu faqat yangi mahsulotlarga taalluqli).

Shuningdek, farmonda ekspluatasiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan ko‘p qavatli uy-joylarni renovasiya qilishning huquqiy asoslarini yaratish ham nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, 2024 yil iyun oyida mas’ul vazirliklar “Renovasiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim.

Qoraqalpog‘iston hukumati va viloyatlar hokimlariga Toshkent shahri Shayxontohur tumani Olim Xo‘jayev mahallasida boshlangan renovasiya loyihasi misolida har bir hududda bittadan renovasiya loyihasini amalga oshirish topshirildi.

Bunda, 2024 yil may oyida hududlarda renovasiya loyihalari amalga oshiriladigan massivlar tanlanishish kerak. Iyun oyida esa har bir hududda tajriba-sinov tariqasida bittadan renovasiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish belgilangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!