BSSI: Saudiya Arabistoni qiyin tanlov qarshisida

BSSI: Saudiya Arabistoni qiyin tanlov qarshisida

HAMAS 7 oktyabrda Isroilga hujum qilmasidan avval Saudiya Arabistoni Eron tajovuzidan himoyalanish va AQShning to‘liq himoyasi ostiga o‘tishini ko‘zda tutuvchi muhim muzokaralarni olib borayotgan edi. Bu haqda Qora dengiz strategiya instituti (BSSI) tahlili e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Saudiya Isroilni tan olishi, Qo‘shma Shtatlar esa Ar-Riyodga katta hajmda qurol-yarog‘ sotishi, yadro dasturining to‘laqonli siklini ishga tushirishi kerak edi. Biroq G‘azodagi vaziyat muzokaralarni muzlatib, Saudiyani “bir-biridan xavfli” ikki tanlov qarshisida qoldirdi.

Agar Isroil Saudiya Arabistoni tomonidan tan olinsa va ular o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilsa, Qo‘shma Shtatlar harbiy shartnoma tuzishga tayyor edi.

Saudiya Arabistoni, bir tomondan, Isroil bilan munosabatlarini normallashtirgan va bundan hech narsa yo‘qotmagan BAA va Bahrayn misolini ko‘rdi. Boshqa tomondan, Qirollik Fors ko‘rfazining mitti davlati emasligini va musulmon dunyosida muqarrar ravishda katta obro‘sini yo‘qotishini yaxshi bilgan holda, Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga oldindan kelishib, Falastin mustaqilligini tan olish shartini qo‘ydi.

Mazkur muzokaralar sekin bo‘lsa-da davom etayotgandi, ammo 7 oktyabr voqealari ro‘y berdi. Isroilning G‘azoda o‘n minglab falastinliklarning o‘limiga sabab bo‘lgan va bugungi kungacha tugamagan to‘laqonli urush ko‘rinishidagi javobi Saudiya Arabistonini bu boradagi barcha muzokaralarni muzlatib qo‘yishga va G‘azodagi urushga qarshi chiqishga majbur qildi.

Keyinroq esa Damashqdagi konsullik bilan bog‘liq aprel oyidagi voqea sodir bo‘ldi va Eronning bunga kechikkan javobi hech qanday natijasiz yakunlandi. Bu muvaffaqiyatsizlikning sabablaridan biri aynan Saudiya Arabistoni bo‘lib, u parda ortida razvedka xizmatlari orqali Isroilga yetarlicha qimmatli razvedka ma’lumotlarini taqdim etdi va bu Isroilga Eron zarbasini yo‘qqa chiqarishda katta yordam berdi.

Tehron Isroilga Eron zarbasini qaytarishga yordamlashgan barchani “hisobga olib qo‘ygani”ni rasman e’lon qilib, qasos olishga va’da berdi.

Aynan shu tahdid hozirda AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi muzokaralarni "muzlatib qo‘ydi", ammo Qirollikni qiyin, “bir-biridan yomon” tanlov qarshisida qoldirdi.

Saudiya Arabistoni tub aholisining taxminan 16 foizi (oltidan bir qismi) shialar bo‘lib, ular eronparast hisoblanadi va bu kayfiyat diniy rahnamolarning muntazam ravishda qatl qilinayotgan bir paytda asli yo‘qolgani yo‘q. Aholining bunday foizi mamlakatni beqarorlashtirish uchun juda yetarli va Saudiya hozircha shialarni na armiyaga, na razvedka xizmatlariga yaqinlashtirmaslik, Saudlar qirollik xonadonida lobbi yaratishlariga yo‘l qo‘ymaslik hisobiga bu balodan qutilib turibdi.

Ayni paytda allaqachon Eronning “viloyatlari”ga aylangan hamda “Humayniy” loyihasi amalga oshirilayotgan Suriya, Livan va boshqalar davlatlardagi shia aholisi foizi hali kamroq. AQSh himoyasisiz, 1932 yilda paydo bo‘lgan, qisman sun’iy davlat hisoblangan Saudiya Arabistoni shialarning jamlangan hujumiga dosh bera olmasligi mumkin, ayniqsa arab dunyosidagi ba’zi sunniylar Saudiya Arabistonini emas, balki Eronni qo‘llab-quvvatlasa.

Ammo Saudiya Arabistoni ma’lum shartlar asosida Isroilni tan olish evaziga AQSh himoyasini qabul qilsa, bu muqarrar ravishda butun dunyo musulmonlari nazariga tushadi - va muqaddas Makka va Madina shaharlari 1925 yilda zo‘ravonlik yo‘li bilan mamlakat tarkibiga qo‘shib olinganini eslaydiganlar topiladi. Va yana Saudlar oilasidagi ichki norozilik ham garchi uyquda bo‘lsa-da markazdan qochma tendensiyasini saqlab turibdi.

Hozircha qirollik muzokaralarga yangi qo‘shimcha shart – G‘azodagi urushni zudlik bilan tugatish sharti bilan qaytishga tayyorligini bildirgan, bunga Isroil, albatta, rozi bo‘lmaydi.

Uzil-kesil siyosat ob’ektiga aylangan va “Eronga yutqazib, yolg‘iz qolish” yoki “Isroilni tan olib, sharmanda bo‘lish” o‘rtasidagi tanlov o‘rtasida qolgan Saudiya Arabistonining holati dunyo maydonidagi Qirollik maqomini allaqachon sezilarli darajada pasaytirdi, biroq muzokaralar hali-veri tugashi dargumon.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!