Prezident “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni ko‘rib chiqdi

Prezident “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni ko‘rib chiqdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 may kuni temir yo‘l sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizning geografik joylashuvi, rivojlangan sanoati va iqtisodiyotida temir yo‘l transporti muhim ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda O‘zbekiston temir yo‘llari katta rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi. Zamonaviy infratuzilmaga ega, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlariga mos yaxlit temir yo‘l tizimi barpo etildi.

Umuman, mustaqillik davrida 2 ming 400 kilometrdan ko‘proq yangi temir yo‘llar qurilib, foydalanishga topshirildi, 3 ming kilometrdan ziyodi elektrlashtirildi. Yurtimiz temir yo‘l sohasi o‘zining og‘ir mashinasozlik va quyuv-metallurgiya sanoatiga ham ega bo‘ldi. Bugun bu tarmoq o‘lkamizning barcha hudud va mintaqalarini ishonchli va samarali bog‘lab kelmoqda.

Bular orqali O‘zbekiston zamonaviy transport kommunikasiyalari va yuksak tranzit salohiyatiga ega bo‘lgan davlat sifatida Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni o‘zaro bog‘laydigan xalqaro temir yo‘llarning muhim halqasiga aylandi. Davlatimizning faol investisiya siyosati, biznes uchun jozibador sharoitlari uning savdo yo‘llari kesishadigan chorraha sifatidagi ahamiyatini yanada oshirdi.

Shu bois bu sohadagi qurilish va modernizasiya ishlarini izchil davom ettirish muhim. Taqdimotda shu boradagi loyihalar muhokama qilindi.

Avvalo, transport-logistika salohiyatini yanada kengaytirish va undan samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi. Tadbirkorlarga qulayliklarni va eksport imkoniyatlarini oshirish uchun transport yo‘laklarini izchil diversifikasiya qilish zarurligi ta’kidlandi.

“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida transmintaqaviy aloqalarning muhim tarkibiy qismi bo‘ladigan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlar ko‘rib chiqildi. Ekspertlarning fikricha, bu transport yo‘lagi nafaqat uchta davlat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi taraqqiyotiga kuchli sur’at bag‘ishlaydi.

Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘laydigan yangi transport yo‘laklarini yaratishga doir jarayonlar bo‘yicha axborot berildi.

Davlatimiz rahbari shu bilan birga aviasiya infratuzilmasini rivojlantirib, aeroportlarni xalqaro tranzit xabiga aylantirish, zamonaviy avtomobil yo‘llari qurish va ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!