O‘zbekistonda yiliga 350 mingta avtomobil ishlab chiqarilishi mumkin, ularning ichida arzonlariyam bor

O‘zbekistonda yiliga 350 mingta avtomobil ishlab chiqarilishi mumkin, ularning ichida arzonlariyam bor

O‘zbekiston Respublikasida avtomobil sanoatini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi. Qaror bilan 2019–2023-yillarda avtomobil sanoatini rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari belgilab berildi. Unga ko‘ra:

– yengil mashina ishlab chiqarish hajmi yiliga 350 mingtaga yetkaziladi;

– yengil avtomobillar o‘rtacha 60 foizgacha mahalliylashtiriladi;

– yuk mashinalari va avtobuslar ishlab chiqarish hajmi yiliga 10 mingtagacha oshiriladi;

– yiliga 100 mingta avtomobil eksport qilinadi;

– qator avtomobil modellari yangilanadi;

– aholining barcha qatlamlari qurbi yetadigan arzon avtomobillar ishlab chiqariladi.

Avvalroq Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda avtomobilsozlikni rivojlantirish strategiyasi” mavzusidagi tadbirda “O‘zavtosanoat” strategik rejalashtirish direksiyasi boshlig‘i Rustam Qodirov 2030 yilga qadar mo‘ljallangan O‘zbekiston avtosanoatini rivojlantirish Konsepsiyasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.

Uning aytishicha, konsepsiyada 2 ta tendensiya hisobga olingan: birinchi 5 yillikda narxi 10 ming AQSh dollari atrofida bo‘lgan arzon avtomobillar ishlab chiqarilishiga e’tibor qaratiladi, keyingi 5 yillikda esa narxi 15 000 AQSh dollari atrofida bo‘lgan krossoverning kichikroq modellarini ishlab chiqariladi.

“O‘zavtosanoat” mutasaddisi premium segment O‘zbekistonda katta talabga ega emasligini, hatto avtokonsern umumiy hajmining 10 foizini ham tashkil etmasligini ta’kidlagan.

Rustam Qodirov, shuningdek, tez orada O‘zbekistonda eski avtomobilni topshirib, yangisini olib ketish mumkin bo‘lishini ham aytgan. Faqat bu qachon bo‘lishiga aniqlik kiritmagan.

Manba: minbar. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!