O‘zbekistonda 2021 yil 1 yanvardan boshlab majburiy tibbiy sug‘urtalash bosqichma-bosqich joriy etiladi

O‘zbekistonda 2021 yil 1 yanvardan boshlab majburiy tibbiy sug‘urtalash bosqichma-bosqich joriy etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5590-sonli farmoni qabul qilindi.

Prezident farmonga ko‘ra 2019–2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi, 2019–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.

Vazirlik va idoralar rahbarlari Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Innovasion sog‘liqni saqlash milliy palatasining quyidagilar to‘g‘risidagi takliflari qabul qilingan:

  • 2019 yil 1 apreldan boshlab respublikaning 3-ilovaga muvofiq ayrim tumanlarida tibbiyot muassasalarini “har bir davolangan holat” uchun klinik-xarajat guruhlari bo‘yicha va kishi boshiga moliyalashtirish tizimini (keyingi o‘rinlarda – moliyalashtirishning yangi mexanizmlari) eksperiment tartibida joriy etish;
  • eksperiment natijalarini tanqidiy tahlil qilish asosida moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini 2020 yil 1 apreldan boshlab respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tatbiq etish;
  • 2019 yil 1 iyuldan boshlab viloyat va tuman (shahar) darajasidagi stasionar sog‘liqni saqlash muassasalarida aralash moliyalashtirish tizimini joriy etish, bunda kafolatlangan bepul tibbiy xizmat hajmiga kirmaydigan davolash turlari pullik asosda amalga oshiriladi;
  • 2019 yil 1 iyuldan boshlab ayrim davolash-profilaktika muassasalarini ishlab chiqilgan investisiya loyihalari asosida belgilangan tartibda investorlarga ishonchli boshqaruvga berish;
  • 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasida majburiy tibbiy sug‘urtalashni bosqichma-bosqich joriy etish.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi, Innovasion sog‘liqni saqlash milliy palatasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar quyidagilarni nazarda tutadigan “Majburiy tibbiy sug‘urtalash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlaydi:

  • majburiy tibbiy sug‘urtalashning huquqiy asoslari, mexanizmlari va joriy etish bosqichlari;
  • majburiy tibbiy sug‘urtalash sub’ektlarini, ushbu sohadagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha vakolatli organni, ularning huquq va majburiyatlarini belgilash;
  • majburiy tibbiy sug‘urtalash dasturlarini moliyalashtirish mablag‘larini shakllantirish manbalari;

Sog‘liqni saqlash vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ushbu Farmonni amalga oshirishda texnik ko‘makni ta’minlash, shu jumladan, majburiy tibbiy sug‘urtalashni joriy etish bo‘yicha tadbirlarni texnik-iqtisodiy asoslashni amalga oshirish uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaromoliya institutlari bilan hamkorlikni tashkil etish choralarini ko‘radi.

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!