O‘zbekistonda 2020 yilda 9 ming nafardan ortiq ishsiz jinoyat sodir etgan

O‘zbekistonda 2020 yilda 9 ming nafardan ortiq ishsiz jinoyat sodir etgan

 

Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisida parlament yuqori palatasining o‘n uchinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi. Bu haqda O‘zA xabar qilmoqda.

Xususan, ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi 2020 yil yakuni bo‘yicha axboroti ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida umumiy jinoyatlarning 95,2 foizi fosh etilgan, shuningdek, tergov organlari qidiruvida bo‘lgan 2 ming 446 nafar shaxs ushlangan va 436 nafar bedarak yo‘qolganlar topilgan. Jami 20 ming 994 ta jinoyat aniqlangan.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan o‘rganishlar ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2020 yilda respublika miqyosida 62 ming 81 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, 100 ming aholiga nisbatan o‘rtacha 182,4 tadan to‘g‘ri kelgan.

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to‘liq hal etilmasdan kelinayotganligi oqibatida 2020 yilda 5 ming 774 nafar xotin-qiz tomonidan 5 ming 520 ta jinoyat sodir etilgan. Jumladan, oila-turmush doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 14 ming 774 nafariga «himoya orderi» berilgan bo‘lsa, shundan 317 ta holatda ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Yoshlar bilan ishlashda hanuz ko‘plab muammolar saqlanib qolayotganligi, ularni bartaraf etishga yetarli darajada e’tibor qaratilmagani oqibatida o‘tgan yilda respublikada qayd etilgan har to‘rtinchi jinoyat yoshlar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, shundan 4 ming 52 tasi ish bilan band bo‘lmagan yoshlar tomonidan sodir etilgan.

Bundan tashqari, 9 mingdan ortiq ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilgani joylarda aholini ish bilan ta’minlash masalalari samarali hal etilmayotganini ko‘rsatgan.

Shuningdek, majlisda qo‘mita tomonidan 2021 yil 3 fevral kuni Ichki ishlar vazirligiga respublikamizning barcha hududlarida, xususan, Toshkent shahrida tilanchilik qiluvchi shaxslar soni ko‘payib ketishining oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilishini so‘rab yuborilgan topshiriq xatiga javob ham ko‘rildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda aholi harakati gavjum bo‘lgan ko‘chalar, xiyobonlar, bozorlar va ularga tutash hududlardagi avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari hamda chorrahalarda tilanchilik qilib kelayotgan shaxslar ko‘plab uchramoqda. Bunday noxush holatlar aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir etib, ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Biroq mamlakat qonunchiligida aynan tilanchilik qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik masalasi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu normaning hayotda qat’iy ishlamayotgani bunday shaxslarning kundan-kun ko‘payib borishiga zamin bo‘lmoqda.

Ichki ishlar vazirligining qo‘mita xatiga bergan javobiga ko‘ra, Patrul-post, Yo‘l patrul xizmati hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari tomonidan ko‘chalar, xiyobonlar, bozorlar va ularga tutash hududlardagi avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari hamda avtomobil yo‘llarida hududiy ichki ishlar organlari tomonidan tegishli topshiriqlar asosida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!