Tavsiyalar yordam berdi

Tavsiyalar yordam berdi

Oila qurgan yoshlar ba’zida turmush chorrahalarida qoqiladilar, shunday paytda kimdir ularni yupatib,dalda berib qo‘llab-quvvatlasa,kimdir zarur tavsiyalarni bersagina,ular o‘zlarining xatolarini o‘z vaqtida tushunib yetadilar. Bu oilaga bo‘lgan munosabatlarini, boshlagan hayotlarini yaxshilab oladilar.

1994 yilda Piskent tumani “Navoiy” ko‘chasida tug‘ilib voyaga yetgan Shahnoza taqdir taqozosi bilan Nurafshon shahriga kelin bo‘lib tushdi. Turmush o‘rtog‘i Sirojiddin bilan baxtli hayot kechirib, bir qizning ota-onalari bo‘lishdi. Ammo nima sabab bo‘ldi-yu, Shahnozaning fe’li o‘zgardi-qoldi, atrofdagilari unga yoqmay betgachopar, qaysar bo‘lib qoldi. Har narsadan bahona topib, oxiri janjal-to‘polon ko‘tarib arazlab otasi uyiga ketdi. Kelinlari Shahnozani uyiga, oilasiga qaytarish borasida Abdukarimovlarning olti oy davomida bir necha marotaba qatnaganlari befoyda bo‘ldi.

Sirojiddin Abdukarimov oilada bitta o‘g‘il, to‘g‘riso‘z, og‘ir vazmin yigit, o‘nta gapirsang, bitta “ha” yoki “yo‘q”, deydiganlardan. Oila bir qarashda katta, fayzli, ya’ni qaynona buvi, qaynota, qaynona, opa-singillardan iborat bo‘lib, yashash uchun barcha shart-sharoitlar yaxshi, ammo... negadir ayollar mayda-chuyda gaplarga o‘ralashib qolgan, xolos.

Toshkent viloyati Nurafshon shahar “Oila” bo‘limiga mazkur holat bo‘yicha qaynona Jannat Abdukarimovadan tushgan arizada asosiy maqsad Shahnozani o‘g‘illari Sirojiddin bilan ajratib berishlari so‘raldi. Bo‘lim mutaxassislari tomonidan ikkala quda xonadonlarida o‘tkazilgan suhbatlar jarayonida bu aynan er-xotinning mojarosi emas, balki qaynona va katta qaynona buvilarning kelinning xatti-harakati bo‘yicha e’tirozidan kelib chiqqanligi ma’lum bo‘ldi. Ularning gaplari – “kelin tarbiyasiz, hech kim bilan chiqisha olmaydi, erini hurmat qilmaydi”dan nariga o‘tmadi.

Yosh kelinchak va kuyovga oila muqaddasligi, oilada er-xotinning majburiyatlari, muomala madaniyati,ro‘zg‘or yumushlari, sharqona mentalitetimizga xos bo‘lish sirlari hamda o‘rtadagi yosh go‘dakning taqdiri haqida tavsiyalar berib o‘tildi.Shundan so‘ng Shahnoza o‘z oilasiga qaytdi va yana bir ajralish yoqasida turgan oila saqlab qolinishiga erishildi.
Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!