Shavkat Mirziyoyev akademik Jumanazar Bazarbayev vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi

Shavkat Mirziyoyev akademik Jumanazar Bazarbayev vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi

Falsafa, adabiyot va pedagogika fanlari bo‘yicha taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Jumanazar Bazarbayev 25 sentyabr kuni 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar berdi. O‘zAning ma’lum qilishicha, olimning vafoti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev, bosh vazir Abdulla Aripov, Senat raisi Tanzila Norboyeva, bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va boshqalar o‘z ta’ziyalarini bildirdi.

Jumanazar Bazarbayev 1933 yil 13 noyabrda Mo‘ynoq tumanida tug‘ilgan. Olim 1955 yili Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini tugatib, mehnat faoliyatini ushbu dargohda katta o‘qituvchi sifatida boshlagan. Keyinchalik Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) aspiranturasida tahsil olgan. Dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertasiyasini himoya qildi.

Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 2000 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi.

Iste’dodli olim 60 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining Tarix, til va adabiyot instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i, Nukus davlat universiteti (hozirgi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti) falsafa kafedrasining mudiri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining rektori, kafedra mudiri kabi lavozimlarda mehnat qilgan.

Jumanazar Bazarbayev 1990–1995 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Akademikning nima sababdan vafot etgani ma’lum qilinmagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!