Har bir «Mehribonlik uyi» va «Bolalar shaharchasi»ga 2 tadan OTM va sport maktablari biriktiriladi

Har bir «Mehribonlik uyi» va «Bolalar shaharchasi»ga 2 tadan OTM va sport maktablari biriktiriladi

Bu haqda Prezident raisligida o‘tayotgan videoselektorda ma’lum qilindi. Yig‘ilishda qatnashayotgan muxbirimizning xabar berishicha, davlatimiz rahbari yangi tizim bo‘yicha muhim takliflarni bildirdi.

Unga muvofiq, birinchidan, 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidan chiqarilib, Milliy gvardiyaga o‘tkaziladi. Buning uchun, Milliy gvardiyada alohida qo‘mondon o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, boshqarma tashkil etiladi.

Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalariga Milliy gvardiyaning hududiy boshqarma boshliqlari, har bir guruhga malakali ofiser va psixologlar biriktiriladi, logoped va defektologlar ishga olinadi.

Bolalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida ular Milliy gvardiyaning harbiy qismlari, poligonlari, «chavandozlar maktablari»ga olib chiqilib, harbiy texnikadan foydalanishga, ot sportiga o‘rgatish tashkil etiladi.

Ikki oy muddatda biriktirilgan Milliy gvardiya xodimlari bolalar bilan ishlashga o‘qitiladi.

Shuningdek, «Mehribonlik uylari»dagi bolalarga tarbiya berish, ularni fan, IT-texnologiyalari, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, sportning nufuzli turlari bilan shug‘ullanishlarini tashkil etish bo‘yicha mutlaqo yangi metodikalar ishlab chiqiladi.

— Bu tizim orqali, kelgusida ushbu o‘g‘il-qizlar orasidan «Temurbeklar maktablari» o‘quvchilari va Jamoat xavfsizligi universiteti tinglovchilari, Vatanimizning chinakam posbonlari yetishib chiqishiga ishonchim komil, — dedi Prezidentimiz.

Shuningdek, har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasiga 2 tadan oliygoh va sport maktablari biriktiriladi. Jumladan, Yunusobod tumanidagi 21-son «Mehribonlik uyi»ga Axborot texnologiyalari universiteti va Moliya instituti, Chilonzordagi 22-son «Mehribonlik uyi»ga Jahon tillari universiteti va Toshkent pedagogika universiteti biriktiriladi.

Biriktirilgan OTM rektori Mehribonlik uylariga tarbiyachilar tayyorlash, kutubxona fondini boyitish, bolalarni axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, aniq va tabiiy fanlarga o‘rgatish va ularni kelgusida oliygohlarga kirishiga ko‘maklashish muhitini shakllantirishga, teatr va konsertlar tashkil etishga mas’ul va javobgar bo‘ladilar.

Oliygohlarning yetakchi professor-o‘qituvchilari haftada kamida ikki kun ushbu to‘garaklarga kelib, bolalarni o‘qitib beradilar. Buning uchun, ularga alohida ustama to‘lanadi. Shuningdek, rektorlar «Mehribonlik uylari»ning har bir tarbiyalanuvchisiga bitiruvchi kurs a’lochi talabalarini biriktirib, ularga motivasiya berib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!