Ehtiyotsizlik orqasidan o‘z erini o‘ldirgan ayolga jazo tayinlandi

Ehtiyotsizlik orqasidan o‘z erini o‘ldirgan ayolga jazo tayinlandi

Fuqaro Jo‘raboyev nafaqaga chiqib, yoshi 70 ga qarab ketayotgan paytda ham spirtli ichimlik ichishga ruju qo‘ygan edi. Buning natijasida Jo‘raboyevlar xonadonida tez-tez janjal ko‘tarilardi. Oiladagi oxirgi janjal ayanchli yakun topdi.

O‘sha kuni oila boshlig‘i Jo‘raboyev uyiga yana mast holda kirib kelib, ayoli bilan janjallashadi. Turmush o‘rtog‘ini haqorat qilib, oshxona pichog‘ini olib, o‘ldirish bilan taxdid qilib, ortidan quvadi. Ayoli tomorqa tomonga o‘tib, yashirinib olgach, er yana ko‘chaga chiqib ketadi. Spirtli ichimlik ichishni davom ettirib, kechga tomon uyga qaytib keladi. Keyin o‘zi yotadigan uyga kirib, divanda uxlab qoladi. Jo‘raboyeva turmush o‘rtog‘ini uyqudan uyg‘onib, janjal ko‘tarmasligi va yana ko‘chaga chiqib ketmasligini ko‘zlab, hovlida turgan chilvir ip bilan erining ikki qo‘lini pastki bilak sohasidan va ikki oyoqlarini son va to‘pig‘idan bog‘lab qo‘yadi. Biroz vaqt o‘tgach Jo‘raboyev uyg‘onib oyoq-qo‘llari bog‘langanini ko‘rib, baqir-chaqir qiladi. Turmush o‘rtog‘ining vajohatidan qo‘rqqan ayol erining qo‘l-oyoqlarini bog‘liqligicha qoldiradi. Jo‘raboyeva suddagi ko‘rsatmasida voqealar rivoji haqida gapirar ekan keyinroq iplarni yechish uchun kirganida eri xurrak otib uxlab yotganini, yana biroz vaqt o‘tib kirganida esa ovozi chiqmay qolganini ma’lum qilgan. Bu orada yaqinlar, shifokorlar yordamga chaqirilgan. Chaqiruv bo‘yicha xonadonga yetib kelgan shifokorlar bemorni tekshirib ko‘rib, Jo‘raboyevning vafot etganini aytishgan. Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, Jo‘raboyevning o‘limiga tanasidagi jarohatlar va organizmda kislorodning kamayishi, karbonat angidridning ko‘payishi sabab bo‘lgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borilgach, ish sudda ko‘rib chiqildi va Jo‘raboyevaga tegishli jazo tayinlandi.

"Jo‘raboyevaga jazo tayinlashda Jinoyat kodeksining 50-moddasi talabidan kelib chiqib, ya’ni nafaqa yoshidagi shaxslarga nisbatan ijtimoiy xavf katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan sabab ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanmasligi qonunda ko‘rsatilgan talabidan kelib chiqib, Jinoyat kodeksi 102-modda 1-qismi bilan unga yashash joyidan chiqishni cheklash tarzidagi ozodlikni cheklash jazosi, ya’ni ikki yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi", - dedi JIB Beshariq tumani sudi raisi Oloviddin Hasanov.

Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati appelyasiya instansiyasining ajrimi bilan Beshariq tumani sudining hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!