Avtobloger Bobur G‘aniyevga nisbatan ko‘rilgan 15 sutkalik qamoq jazosi adolatli edimi?

Avtobloger Bobur G‘aniyevga nisbatan ko‘rilgan 15 sutkalik qamoq jazosi adolatli edimi?

Bloger Bobur G‘aniyev bilan yuzaga kelgan vaziyat haqida ko‘pchilik o‘z munosabatini bildirdi, huquqshunos sifatida jamoatchilik tomonidan bildirilgan aksariyat fikrlarga qo‘shilaman. Hozir meni sud tomonidan qo‘llanilgan jazo choralari biroz o‘ylantirmoqda. Blogerga nisbatan Jinoiy ishlar bo‘yicha Uchtepa tumani sudi tomonidan:

MJtK 41-moddasi (haqorat qilish) ga asosan, BHMning 20 baravari miqdoridagi jarima; MJtK 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish)ga asosan, BHMning 1 barobari miqdorida jarima; MJtK 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) bilan aybli deb topilib, 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi. Bu yerda blogerga berilgan keskinroq jazo turi shubhasiz, 195-moddadagi 15 sutkalik ma’muriy qamoq bo‘lmoqda.

Aslida, MJtK 195-moddasiga ko‘ra, agar fuqarolar ichki ishlar organlari xodimining o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikka omma oldida har qanday shaklda da’vatlar qilsa, xuddi shuningdek ichki ishlar organlari xodimlariga ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida bila turib soxta uydirmalarni tarqatsa:
– BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solinadi yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq jazosi berilishi mumkin.

Bloger tomonidan ana shu huquqbuzarlik sodir etilganmi yoki yo‘qmi, hali bu haqida fikr aytganimiz yo‘q, lekin diqqatni tortgani sud tomonidan MJtK 195-moddadagi eng og‘ir jazo turi tanlangani bo‘ldi. Aslida, MJtKning huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilangan tegishli moddalarida jazolar “...dan – ...gacha” shaklida, ya’ni eng yengil jazodan eng og‘ir jazo tartibida keltirilgan.

Nima deb o‘ylaysiz, huquqbuzarlarga nisbatan jazo qanday tanlanadi? Yoki sudyaning kayfiyatiga qarab tanlanadimi? Masalan, sudya kimni yomon ko‘rsa, unga eng og‘ir jazo berilaveradimi?

Gap shundaki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 31-moddasida ma’muriy javobgarlikni yengillashtiruvchi, 32-moddasida esa, javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar haqida aytilgan. Aynan mana shu yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarga qarab, huquqbuzarga nisbatan yengilroq yoki og‘irroq jazo turi tanlanishi kerak.

Masalan, MJtKning 31-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan, aybdorning o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lishi ham jazoni yengillashtiruvchi holatlardan biri hisoblanadi. Va biz ko‘rdikki, bloger Bobur G‘aniyev o‘z intervyusida o‘z qilmishidan pushaymonligi haqida aniq-tiniq aytib turibdi.

Bunda vaziyatda, sud qanday qilib undagi jazoni yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri eng og‘ir jazo turi – 15 sutkalik ma’muriy qamoqni tanlaganiga hayronman. Shuning uchun ham sudning qarori haqida adolatsiz va holis bo‘lmagan qaror degan fikrga keldim. Albatta, qolgan yigitlarga berilgan jazo haqida ham shunday fikrdaman. Ular huddiki alohida bir “loyiha”ning tarkibiy qismiga o‘xshaydi.

To‘g‘ri, bloger Bobur G‘aniyev so‘z erkinligi borasida chegaradan chiqqan bo‘lishi mumkin, lekin baribir har qanday holatda ham sud o‘z adolatini yo‘qotmasligi kerak edi. Boshqalarga qanday qarasa, blogerga ham shunday qarashi kerak edi.

O‘zi, oxirgi vaqtlarda, jurnalist va blogerlar haqida so‘z ketganda, huquq organlarida, ayniqsa, sudlarimizda ularga nisbatan nafrat va norozilik kayfiyati asta-sekin kuchaymoqda. Va bu, ularning qarorlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazayotganini ko‘rib turibmiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!