O‘zbekka nomunosib “o‘zbekchilik”

O‘zbekka nomunosib “o‘zbekchilik”

Bugun jamiyatimiz turli yutuqlarga erishmoqda. Ammo, nuqsonlarimiz ham ko‘payishda davom etyapti. Quyida barchamizni o‘ylantiradigan “kamchiliklarimiz” haqida so‘z yuritiladi. 

  • O‘zi qilolmagan ishni boshqalardan talab qilish.
  • Aql o‘rgatishga ustalik, o‘rganishga no‘noqlik.
  • Mayda gaplarning quli bo‘lish.
  • Osh uchungina birlashish.
  • Savolni “Unga qanday yordam, dalda bera oldim?” deb emas, “Nega u menga yordam, dalda bermadi?” shaklida qo‘yish.
  • O‘zini osmonning ustuni deb bilish.
  • Boyga bo‘yin egish, ularga davraning to‘rini berish.
  • O‘z tarixi, o‘zligini bilmaslik, biladiganni esa “millatchi” va “faloniy”ga chiqarish.
  • Qo‘rqoqlik.
  • Yaxshilik qilganga yomonlikni ravo ko‘rish.
  • Bir-birini ko‘rolmaslik.
  • Yaxshi odamni tirigida tepib, o‘lgandan keyin ulug‘lash.
  • Qattiqqo‘l rahbarni sevish.
  • Dinda chalasavod bo‘lish, bid’atlarni mahkam tutish, Xudoga ishonib, lekin yerdagilarni undan ustun qo‘yish.
  • Topgan-tutganini to‘y va uy qurishga “investisiya” qilish.
  • “Nozik” mehmonlarni otasidan ulug‘ deb bilish.
  • Odamlarga aql-zakovatiga qarab emas, uy-joyiga qarab baho berish.
  • “Orzu-havas”lar jilovini xotinlarga tutqazib, so‘ngra ularni ro‘yobga chiqarish uchun jonni jabborga berish, buni umr mazmuni, deb bilish.
  • Do‘stlikning haqqini bilmaslik.
  • Boshiga ish tushgan odamdan yuz burish.
  • “Menga nima?” shiori bilan yashash.
  • Xato qilishni oddiy narsa, kechirim so‘rashni o‘lim bilan teng ko‘rish.
  • Yiqilganni yana bir marta tepish.
  • Manfaat uchun do‘stni, millatni, Xudoni va butun borliqni osongina sotib yuborish.
  • Bilim olishda kimo‘zarlik qilish emas, chalasavodlik poygasiga kirish.
  • Bahslashish madaniyatini bilmaslik.
  • So‘kinish borasida o‘zga sayyoralarni ham zabt etish.
  • Buguni, kelajagi haqida emas, o‘tmishi, tarixi haqida gapirish.
  • Faqatgina o‘z gapini haq deb bilish.
  • ”Hap senimi, ko‘rasan hali!” xayoli bilan yashash.
  • Mansabdorni tirigida oyog‘ini o‘pib, o‘lgandan keyin go‘riga tosh qalash.
  • Bularning hammasini o‘qib yo eshitib, “shu ham gap bo‘ldimi?”, deyish.
  • O‘ziga yoqmaydigan haqiqatni rad etish.
  • O‘ziga yoqadigan yolg‘onga ishonish.
  • Yuzing burildimi, orqadan gapirish.
  • Betiga aytgandan xafa bo‘lish.
  • Tanqidni “Dushmanning ishi”, ig‘vo deb bilish.
  • Maqtasa, shaytonning ham sherigi bo‘lish.
  • Tuhmatga moyillik.
  • Kitob o‘qimaslik.
  • Maishatni sevish (gap-gashtak, choyxona, har qanday yutuq yoki yangilikni “yuvish” va h.k.).
  • Mashvaratsiz ish qilish.
  • Mansabga minib qolsa, tobutga minguncha tushmaslik.
  • Ko‘chada yotgan cho‘pdan ham shubha qilish.
  • Birovdan bir narsa undirishga usta bo‘lish.
  • O‘z qonuniy haq-huquqlarini bilmaslik.
  • Yomonlik qilishdan huzurlanish.
  • Ko‘nglida tan olib turganini ham tilida pisand qilmaslik.
  • Birovga non bermasdan uni nonko‘rlikda ayblash.
  • Gunohini xaspo‘shlash uchun gunoh qilish.
  • O‘zganing haqqidan qo‘rqmaslik
  • Gap tagidan “gapcha” qidirish.
  • Boylikni savlatim deb bilish.
  • Birovni yomon ko‘rsa, o‘layotganda ham o‘shani qarg‘ab o‘lish.
  • Aytilgan joyga aytilgan vaqtda bormaslik.
  • ”U kim bo‘libdiki?” savolini tez-tez takrorlash.
  • Pora berish va pora olishni yaxshi ko‘rish.
  • Pora olmaydigan va pora bermaydigan odamni “poraxo‘r” deb ayblash.
  • Qarz berolmagan do‘sti yoki tanishidan yuz o‘girish.
  • “O‘zingga aql o‘rgatsang-chi?” degan hukmning hukmdori bo‘lish.
  • Odamlarni o‘zidan past sanash.
  • Ilmiga va bilganlariga amal qilmaslik. 

Faqat o‘zimizga xos fazilat va qusurlar omuxtasi bo‘lmish (“tragikomediya”ga o‘xshash) “o‘zbekchilik” ro‘yxatini yana uzundan-uzoq davom ettirish mumkin… 

“Insonnoma” kitobi asosida

Saidabror Umarov tayyorladi

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!