O‘zbekistonda 1 dekabrdan boshlab nimalar o‘zgarganini bilasizmi?

O‘zbekistonda 1 dekabrdan boshlab nimalar o‘zgarganini bilasizmi?

2019 yil yanvar oyining birinchi yarmida “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimi pilot rejimida ishga tushiriladi.

Qurilish, bojxona nazorati, tashqi reklama, mehnat migrasiyasi va boshqa sohalarda 2018 yilning 1 dekabridan boshlab amal qiluvchi asosiy huquqiy yangiliklar nimalardan iborat? “Norma” nashri bularga aniqlik kiritdi.

Bojxona nazorati uchun – yangi yo‘laklar

O‘zbekistonda xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi joriy etilmoqda. 1 dekabrdan boshlab uning doirasida “sariq” va “qizil” yo‘laklar amal qila boshlaydi. Birinchisi orqali xavf darajasi o‘rta ko‘rsatkichga ega tovar va transport vositalariga nisbatan bojxona deklarasiyasi, hujjatlar va ma’lumotlar tekshiriladi. Ikkinchisi esa xavf darajasi yuqori ko‘rsatkichga ega ob’ektlar uchun mo‘ljallangan.

Hozircha yo‘laklar mos ravishda 70% / 30% nisbatda tovar va transport vositalarining xavf profillari yoki tasodifiy tanlash asosida qo‘llaniladi. Biroq bungacha amal qilgan ikkita yo‘lakli tizimdan farqli ravishda, yangisida to‘rtta yo‘lak mavjud bo‘lishi nazarda tutilgan: 2019 yil mart oyida “yashil” va “ko‘k” yo‘laklar ham amalga kiritiladi.

Qurilishdagi yangi tartib

Birinchidan, endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar, sh.j. xorijiy investisiyalar hisobiga moliyalashtiriladigan ob’ektlardan tashqari, barcha ob’ektlar qurilish loyihalarining smeta qismi majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

Ikkinchidan, qurilishi tugallangan ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi modernizasiyalanmoqda. Endi u qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi, kadastr organlari, buyurtmachi va pudratchi (bosh pudratchi) vakillari ishtirokida amalga oshiriladi. Bu jarayonni tezlashtirish imkonini beradi, sababi ilgari u 2 bosqichda yanada keng tarkibdagi qabul komissiyalari tomonidan o‘tkazilgan. Yangi tartib davlat xaridlari sub’ektlari mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan ob’ektlarga nisbatan tadbiq etilmaydi.

Uchinchidan, loyihalar “fast-track” usuli bilan foydalanishga tayyor holda (Engineering Procurement Construction) amalga oshirilishi mumkin. Bu bir vaqtning o‘zida loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari bajarilishini anglatadi. Bu holda pudrat va loyiha tashkilotlari konsorsium tashkil etadilar. Konsorsium ishtirokchilari zimmasiga loyihani sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish uchun solidar javobgarlik yuklatiladi.

Chet ellik mutaxassislarga – “yashil chiroq”

Yuqori malakali va malakali chet ellik mutaxassislarni (mezonlarga qarang) jalb qiladigan mahalliy ish beruvchilarning ular uchun ruxsatnoma (xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga, tahr.) rasmiylashtirishlari kerak bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, ushbu mutaxassislar O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalarni rasmiylashtirish va uzaytirish uchun yig‘imni pasaytirilgan tariflarda – tegishincha, 1 EKIH va 2 EKIH miqdorida to‘laydilar (umumbelgilangan 10 EKIH o‘rniga).

8 500 EKIHdan kam bo‘lmagan (material e’lon qilingan sanada – 1 723,2 mln so‘mdan ortiq) miqdorda jamiyatlarning aksiyalari va ulushlarini sotib olish, shuningdek, xorijiy korxona tashkil etish shaklida respublikaga investisiya kiritgan chet el fuqarolari hech qanday ruxsat beruvchi tartib-taomillarni o‘tmagan holda mazkur tashkilotning istalgan lavozimida ishlashlari mumkin.

Tibbiyot xodimlarining ish haqi “o‘sdi”

Davlat rahbarining joriy yil noyabrdagi qaroriga muvofiq, 1 dekabrdan davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmasevtika xodimlarining ish haqi 20%ga oshirildi. Biroq bu birinchi bosqich xolos, keyingi indeksasiya kelasi yil 1 aprelda amalga oshiriladi va 15%ni tashkil etadi.

Tibbiyot xodimlari va farmasevtlar mehnatiga haq to‘lash tizimini umuman qayta ko‘rib chiqmoqchilar.

IIV Axborot markazi endi yo‘q…

2019 yil yanvar oyining birinchi yarmida “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimi pilot rejimida ishga tushiriladi. Unda jinoyat ishlari, tergovga qadar tekshiruv materiallari, sud muhokamasi hamda sud qarorlari ijrosining natijalari, shuningdek ayblanuvchi va jabrlanuvchi sifatida jalb etilgan shaxslar bo‘yicha ma’lumotlar jamlanadi.

1 dekabrdan boshlab jinoyatlar, ularni sodir etgan shaxslar va jinoyat ishlari harakatlanishining yagona hisobini yuritish vazifasi prokuratura organlariga topshirildi. Shu munosabat bilan IIV tuzilmasidagi Axborot markazi tugatildi. Mazkur organ, masalan, sudlanganlik haqidagi ma’lumotnomalarni berar edi. Endi bu ham prokuraturaning funksiyasiga kiradigan ko‘rinadi. Eslatib o‘tamiz, ma’lumotnomani olish uchun arizani elektron ko‘rinishda taqdim etish mumkin.

Tashqi reklama qanday joylashtiriladi

Endi tashqi reklama ob’ektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini faqat elektron auksionlar natijalariga ko‘ra olish mumkin. Bunda quyidagilarni to‘lash kerak bo‘ladi:

  • ob’ektni yoki konstruksiyani joylashtirish huquqini olish uchun – haq savdolar yakunlariga ko‘ra aniqlanadi;
  • tashqi reklamani joylashtirish huquqi uchun – yig‘im, uning miqdorini hokimliklar belgilaydi.

Monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini Davlat xizmatlari markazida olish mumkin

Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar qo‘shib yuborilganda, qo‘shib olinganda va ustav fondidagi aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlar amalga oshirilganda bir qator hollarda monopoliyaga qarshi organning oldindan rozilik berishi talab etiladi (“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 16–18-moddalariga qarang).

Uni olish uchun tegishli hujjatlar paketini taqdim etish zarur. Ilgari u bevosita monopoliyaga qarshi organga taqdim etilgan. 1 dekabrdan boshlab buni Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish mumkin (9.01.2018 yildagi O‘RQ–459-son Qonunning 23-moddasi 7-bandi 4-xatboshisi, 27-moddasi 3-xatboshisi; 23.07.2018 yildagi O‘RQ–486-son Qonunning 29-moddasiga qarang).


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!