Sherobodlik Nazifa nega bolasini bo‘g‘ib o‘ldirdi?

Sherobodlik Nazifa nega bolasini bo‘g‘ib o‘ldirdi?

Bugungi kunda ota-onaning nazoratisiz qolayotgan farzandlar ko‘ngillariga kelgan ishni qilishdan cho‘chishmayapti. 

Shundaylardan biri Nazifa (ism-shariflar o‘zgartirilgan) bo‘lib chiqdi. U 2016 yilning noyabr oyida Sherobod tumanida yashovchi O‘ktam degan yigit bilan tanishib qoldi. Shundan so‘ng bu yigit bilan doimiy telefonda gaplashib yurdi. Nazifa unga uchrashishni taklif qildi. Yigit uning bu taklifini rad etmadi. 2017 yilning mart oyi oxirlarida kech soat 23:00 larda Nazifaning yashash uyi yotoqxonasiga O‘ktam deraza orqali kirib keldi. Xufiyona uchrashuvlar shu tarzda bir necha bor davom etdi. 

O‘sha yilning may oylarida esa Nazifa boshqa bir yigit – Abduaziz bilan tanishib qoldi. Avvaliga telefon orqali gaplashib yurishdi. So‘ngra kunduzi soat 13-14 larda Abduaziz o‘zining boshqaruvidagi avtomashinasida Nazifa bilan uchrashishni boshladi. Bu yigit bilan ham Nazifa ikki marotaba ixtiyoriy ravishda birga bo‘lgach, homilador bo‘lganini sezib qoldi. Bundan tashvishga tushgan qiz darhol Abduazizga qo‘ng‘iroq qildi: 

– Men sizdan homiladorman. Endi nima qilaman? 

– Esing joyidami? Qanaqasiga homilador bo‘lasan? Birortasi bilan yurgandirsan-da. Xullas, bunday gaplar bilan mening boshimni og‘ritma! Bola mendan emas! — dedi jahl bilan Abduaziz. 

Nazifaning nima qilishga boshi qotdi. Bu orada u kollejiga borib yuraverdi. Afsuski, qorni kundan-kunga qappayib ketayotgandi. U bundan qo‘rqib ketdi. Qornini mahkam bog‘lab yurdi. Biroq qachongacha shunday yurishini tasavvur qilolmadi. Bir kuni u yana Abduazizga va O‘ktamga telefon qilib yordam so‘radi. 

Joriy yilning yanvar oyi oxirlarida O‘ktam va Abduaziz uni Sherobod tumani markaziy kasalxonasiga olib borishdi. UZI apparatiga tushirishdi. Xulosani olib shifokorga ko‘rsatishdi.

– Bola kattarib ketgan, yaqinda tug‘ilishi mumkin. Chunki homila 6 oylik bo‘lgan. Shuning uchun abort qilishning imkoni yo‘q, – dedi shifokor. 

Keyin yigitlar uni avtomashinada mahallasiga olib kelib qo‘yishib: 

– Biz seni tanimaymiz! – deb ketishdi. 

Shundan so‘ng u uyida va kollejga qalin kiyinib, darslarga borib yurdi. Fevral oyining oxirgi kunida tongi soat 9:00 larda Nazifaning qornida qattiq og‘riq paydo bo‘ldi. U og‘riqqa chiday olmay, o‘zi yotadigan xonada baqira boshladi. 

Bu baqiriqni eshitgan onaizori Gulchechak uning xonasiga o‘qdek uchib kirib nima bo‘layotganini so‘radi. 

– Har oyda keladigan kasalim keldi. Hamma joyim og‘riyapti! – deya baqirdi qiz. 

Gulchechak darhol unga og‘riq qoldiradigan dori berib, hovlida o‘z ishlari bilan kuymalanib yurdi.

Qizning og‘rig‘i bosilish o‘rniga battar kuchaydi. Yotoqxonasidagi ko‘rpa ustiga yotdi. Og‘riq kuchayganligi sababli tug‘ruq boshlanganini sezdi. O‘g‘il bola dunyoga keldi. Nazifa uni nima qilib bo‘lsa-da yo‘q qilish payiga tushdi. Shuning uchun o‘ylab ham o‘tirmasdan o‘zining kiyib yurgan qizil rangli lozimining yarmini qo‘li bilan yirtib olib, chaqaloqning bo‘yin sohasiga o‘rab, uni uch-to‘rt marotaba bo‘g‘di. Chaqaloq bir ikki tipirchiladi-yu jim bo‘lib qoldi. Uning o‘lganini sezgan qiz esa shosha-pisha uyining yonidan o‘tuvchi jarlikdagi ko‘lga tashlab yuborishni maqsad qildi.Chaqalog‘ini qo‘liga olib, jarlik tomonga bordi-da uni suvga otib yubordi. O‘zi esa uyiga borib yotib, hech narsa bo‘lmaganday uxladi. 

O‘sha kuni Asliddin ismli yigit soat 16:10larda jarlikdagi ko‘lga baliq ovlash maqsadida borib, qarmoq tashlab o‘tirgan edi, ko‘lda yotgan chaqaloq murdasini ko‘rib qoldi. Qarmoq bilan chaqaloqni tortib oldi. Go‘dakning kindigi kesilmagan, bo‘ynida bo‘g‘ib bog‘langan qizil rangli mato bo‘lagi bor edi. Darhol bu haqida tuman IIBga xabar berdi. 

“Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi”, deganlaridek Nazifaning ham bu qora qilmishini yashirib bo‘lmadi. Qilmishi fosh bo‘lgan Nazifa Turdiyevaga sud 2 (ikki) yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. 
 

Baxtiyor Mamadaminov, jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani sudi raisi

Xonbibi Himmat qizi, jurnalist

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!