Shahram G‘iyosovning navbatdagi jangi muddati aniq bo‘ldi

Shahram G‘iyosovning navbatdagi jangi muddati aniq bo‘ldi

Professional boksning yarim o‘rta (-66,68 kg) va super yengil (-63,5 kg) vaznlarida ringga chiqayotgan Shahram G‘iyosovning oltinchi jangi muddati aniq bo‘ldi.

Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik bokschi 24 noyabr kuni AQShda, Atlantik Siti shahridagi “Mark G. Etess Arena“ saroyida bo‘lib o‘tadigan boks kechasida ringga ko‘tariladi. Shu kuni boshqa bir o‘zbekistonlik bokschi Murodjon Ahmadaliyev ham o‘zining WBA International kamarini himoya qiladi.

Kechaning asosiy jangida esa yarim og‘ir vazn (-79,38 kg) toifasining WBA yo‘nalishi chempioni, rossiyalik Dmitriy Bivol kanadalik Jon Paskalga qarshi o‘z kamarini himoya qiladi.

Hozircha Shahramning raqibi kim bo‘lishi noma’lum. Bu borada sportchi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida tez orada xabar berishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Shahram G‘iyosov professional boksda 5 ta jang (ularning bittasi super yengil, qolgani yarim o‘rta vazn toifasida o‘tkazilgan) o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. 4 ta jangda raqiblarini nokautga uchratgan. So‘nggi jangini u Londondagi “Uembli“ stadionida o‘tkazib, Xulio Lagunani nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratgandi.

Ayni vaqtda Shahram G‘iyosov super yengil vazn toifasining WBA yo‘nalishi reytingida 14-o‘rinda bormoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!