Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonga 1,3 milliard dollar taqdim etadi

Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonga 1,3 milliard dollar taqdim etadi

Islom taraqqiyot banki O‘zbekiston Respublikasiga 2018 yildan 2021 yil oralig‘ida 1,3 milliard dollar taqdim etadigan bo‘ldi, deb xabar qildi Sputnik o‘zbekiston muxbiri.

Tegishli hujjat seshanba kuni Toshkentda O‘zbekiston Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi, Bosh vazir o‘rinbosari Suxrob Xolmurodov va ITB prezidenti Bandar Xadjar tomonidan imzolandi.

"ITB guruhi qo‘llab-quvvatlashi ikki tamoyil asosida amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bular raqobatbardoshlikni kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali salohiyatni, har tomonlama o‘sish ko‘rsatkichini ta’minlash. Ushbu tamoyillar O‘zbekistonga uning rivojlanishida to‘sqinlik qilayotgan muammolarni hal etishda ko‘maklashishga yordam berishi belgilangan. Ya’ni, Islom taraqqiyot banki guruhlari Hukumat siyosiy hujjatlarida sanab o‘tilgan milliy taraqqiyot dasturidagi ustvor maqsadlarni qo‘llab-quvvatlashni asosiy maqsad qilib olgan", - deb xabar qilmoqda Toshkentda o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etgan Sputnik muxbiri.

Ajratilayotgan mablag‘larning 475 million dollari energetika, transport va shaharlarni rivojlantirish, 300 millioni qishloqlarda arzon uy-joylar qurish va infratuzilmani yaxshilash, yana 300 millioni savdoni moliyalashtirish, 140 millioni ijtimoiy taraqqiyot va 85 millioni - xususiy biznes loyihalariga sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Islom taraqqiyot banki prezidenti Bandar Xodjar O‘zbekistonga safari 17 sentyabr kuni boshlangan va u 20 sentyabrga qadar ushbu mamlakatda bo‘lishi kutilmoqda.

Bugun, seshanba kuni O‘zbekiston poytaxtidagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida "ITB guruhi kuni" anjumani o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston vazirliklari va muassasalari, xususiy sektor, respublikadagi diplomatik korpus va xalqaro moliya institutlari vakillariishtirok etdilar.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!