Aytilmagan so‘zdir har lahza

Aytilmagan so‘zdir har lahza

«Men dunyoga bittagina so‘z aytmoqchi edim. Uni topolmaganim uchun yozuvchi bo‘lib ketdim», degan edi buyuklardan biri. Biz ham sizga bir so‘z aytmoqchi edik. 
Balki... «aytilmagan so‘zdir qutlug‘ har lahza» deb tushunishimiz to‘g‘ri bo‘lar.

Ha, bir so‘z topish va uni aytishdan ham og‘irroq ish yo‘q. Ming mashaqqatlar bilan so‘z topilganda ham hali qilinadigan ishlar oxiriga yetmaydi. Endi u so‘zni eshitadigan quloq ham topish kerak. Noto‘g‘ri va chala eshitmaydigan, oddiy sog‘lom quloq. Agar oshqozonda biron illat bo‘lsa, shirin ta’mni achchiq, achchiqni shirin deb qabul qiladi. Quloq ham shunday kasalga chalinsa – qiyin. 
Boringki, shu birgina so‘zni eshitadigan quloq ham topildi, keyin nima bo‘ladi? Eshituvchi teshik quloq endi bu so‘zni tushunadimi-yo‘qmi? Masala shunda! Mabodo qaysidir quloq so‘zingizni bexosdan tushunib qo‘ysa, unda nima bo‘lardi? Nimayam bo‘lardi – hech narsa! Chanqagan kishi suv ichib, keyin uni chiqindiga aylantirganday gap. Lekin shu yerda nozik bir nukta bor: kishi chanqagan payt­da ichilgan bir ho‘plam suv tanada o‘z vazifasini bajarib chiqitga chiqib ketish asnosida vujud tirikligini saqlab turishga ham hissa qo‘shadi... 
So‘z-chi? Demak, so‘z inson borlig‘ida mustahkam qaror topishi uchun kishida unga tashnalik holati ham bo‘lishi zarur. So‘zlash uchun duch kelgan kimsa emas, so‘ztashna insonni topa olish kerak! Toza va musaffo, zilol so‘z judayam kamyob mol. 
So‘zingiz so‘ztashna insonning qalb sahrosiga quyildi. Endi bu obihayot qurib yotgan qalb sahrosini qayta tiriltira olarmikan? Tiriltirsa, u yerda endi gul o‘sadimi yoki tikanmi? Endi u yer hammaga ozor keltiradigan tikanzorga aylanib qolmasmikan? 
Birgina so‘z ko‘ngil sahrosini bo‘stonu ­chamanzorga aylantirganini ko‘rish uchun bir necha yillar, ba’zan asrlar kerak bo‘ladi. Lekin so‘z egasining kapalak umridek hayoti u gullardan bahra olishga yetmay qoladi. U tuproq ostiga kirganda, tuproq ustidan lolalar unib chiqadi...

Kamoliddin SHAMS


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!