Afsus! Bu O‘zbekiston uchun juda uyatli holat

Afsus! Bu O‘zbekiston uchun juda uyatli holat

Jahonning va Osiyoning yetakchi universitetlari joylashgan Janubiy Koreyaga ilm izlab butun dunyodan yoshlar tashrif buyuradilar. Xalqaro standartdagi sharoit va nufuzli universitetlarda yetishib chiqqan professorlar qo‘lida muayyan yo‘nalishda yaxshi mutaxassis bo‘lish mumkin.

2018 yilda Janubiy Koreyadagi xorijiy talabalar soni rekord darajada ko‘paygan. Misol uchun, Koreya ta’lim vazirligi qoshidagi Xalqaro ta’lim milliy institutining ma’lum qilishicha, universitetlarda o‘qish istagini bildirib ro‘yxatdan o‘tganlar miqdori 2018 yilda 123,850 nafarga oshgan, ya’ni bir yil avvalgidan 18.8 foizga ko‘p.

Bu talabalardan 70,232 nafarining tashrifidan maqsad turli ilmiy daraja olish bo‘lsa, 51,856 nafari Janubiy Koreyaning daraja bermaydigan kurs va malaka oshirish markazlarida o‘qishni reja qilishadi.

Mamlakatlar kesimida oladigan bo‘lsak, Koreya Respublikasidagi xalqaro talabalarning miqdoriga ko‘ra, Xitoy yetakchilik qiladi. Bu yerda jami 68,184 nafar xitoylik bilim oladi. Xitoylik talabalarning yetakchiligini turli sabablar bilan izohlash mumkin. Misol uchun, Xitoyning Manchuriya hududidagi asli kelib chiqishi koreyalik yoshlarning kelib ta’lim olishi, Xitoy yoshlari uchun Xitoy tilidagi darslarning tashkil qilinishi, Koreya universitetlarining Xitoydagi nufuzi va boshqalar.

Yoshlar miqdoriga ko‘ra keyingi o‘rinda 14,614 nafar yoshlari bilan Vyetnam turibdi. Ayni paytda Koreya Respublikasi Vyetnam bilan aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Sababi, Vyetnamning Osiyo mamlakatlari orasida jadal rivojlanib borayotgani. Xususan, vyetnamlik yoshlarning ko‘pligidan ham Koreyaning bu yo‘nalishdagi xayrixoh siyosatini anglash qiyin emas.

Keyingi o‘rinda – Mongoliya. Hozircha ularning Janubiy Koreyadagi soni 5,384 nafarni tashkil qiladi. Keyingi o‘rinlarda Yaponiya (3,828), AQSh (2,767) turibdi.

O‘zbekiston yoshlari soni bo‘yicha Koreyada yettinchi o‘rinda. Ayni paytda 2,700 dan ziyod yurtdoshlarimiz bu yerda tahsil olishmoqda. Ularning aksari "Koreys tilini o‘rganish" dasturi asosida keladi. Keyinda esa Tayvan, Fransiya, Indoneziya, Malayziya yoshlarini ko‘rish mumkin.

Ta’lim – O‘zbekiston va Koreya respublikalarini bog‘lab turgan muhim rishtalardan biri. Ammo ...

Koreyaga kelayotgan ko‘plab o‘zbeklarga bu yergacha yetib kelish oson emas va arzonga tushmaydi. Ularning ko‘pi qarz ko‘tarib, turli yo‘llar bilan keladi. Til o‘rganish kurslariga kelish uchun o‘rtacha 3 ming AQSh dollarigacha sarf qilinadi. Bu yerda o‘qish va yashash ham qimmat. Shu sababli, mehnat qilish payida bo‘ladi.

Janubiy Koreyaga tashrif buyurgan o‘zbek yoshlarining deyarli barchasi darsdan bo‘sh vaqtlarida mehnat qiladilar. Qonunchilikka ko‘ra til kurslaridagi yoshlarga haftasiga 20 soatdan ko‘p bo‘lmagan mehnat faoliyati bilan band bo‘lish huquqi beriladi. Ta’til davrida esa Adliya vazirligi nazoratida ular to‘liq ishlash huquqiga egalar. D-2 va D-4 ta’lim vizalari bilan ishlash uchun deyarli cheklov yo‘q, faqat universitetda taqiq bo‘lmasa bo‘ldi.

Kuzatuvlarimga ko‘ra, yurtimiz yoshlarining Janubiy Koreyaga intilishlarining bosh sababi ta’lim emas, balki iqtisodiy daromad topishdir. Koreya hukumati taqdim etgan ma’lumotlar esa bu xavotirimni tasdiqladi.

Janubiy Koreyadagi o‘zbek professori Azamat Akbarovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilishicha, o‘qishni tashlab ketishda o‘zbek yoshlari Koreyada uchinchi o‘rinda. Bu masalada Vyetnam va Mongoliyadan keyinda turibmiz. Yoshlarimiz soni mazkur mamlakat yoshlari sonidan bir necha marotaba kamligini hisobga olsak, vaziyat yanada ayanchli tus oladi. Demak, ahvol juda achinarli.

Seulda tashkil qilingan tadbirlardan birida shunday yoshlardan bir guruhi bilan suhbatlashgan edim. 20-25 yoshlardagi bu yigitlarning so‘zlariga ko‘ra, imkon borida – yoshlik chog‘ida pul ishlab olgan yaxshi ekan. Keyin biror biznes qilish mumkin. Ilm-chi? Kimningdir o‘rnini band qilib kelib, bu yerda ta’limni rad etish faqat uning o‘zi uchun emas, O‘zbekiston uchun ham uyatli holat.

Yoshlikda pul ishlash uchun ilm olish imkonidan voz kechish – aslida kelajakda biznes bilan shug‘ullanish uchun katta to‘siq emasmi?

Yoshlarning fikrlariga ko‘ra, bugun ko‘p narsani pul hal qilyapti, bilim esa keyingi o‘ringa tushib qolgan. Misol uchun, yaxshi universitetlarni bitirib borayotganlar ham yaxshi ishga kirishga qiynalishyapti, hali-hanuz hukumat xorijdan qaytayotgan yoshlarni munosib ish joyi bilan ta’minlashda samarali amaliyotni qo‘llay olayotgani yo‘q. Puling bo‘lsa, biror ish qilish uchun hech bo‘lmasa imkoning bo‘ladi.

Koreyadagi "SKY" ("osmon") universitetlardan hisoblangan Yonseydagi o‘zbeklar soni sanoqli. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerdagi o‘qituvchilar o‘zbek yoshlarida o‘qishni chala tashlab ketish ehtimoli yuqori deb biladi va qabul jarayonida ko‘plab yoshlarimizni rad qilishadi. Ayni paytda boshqa universitetlar ham shunday fikrga kelishmoqda. Natijada, o‘zbek yoshlarining Koreyaga kelib tahsil olish imkoniyatlari pasayib boradi.

Mehnatning aybi yo‘q. Men bilganlar orasida bankda, yetakchi kompaniyalarda mehnat qilayotgan o‘zbeklar bor. Koreyaliklarning qanchalar mehnatkash va ishiga sadoqatli ekanini o‘zbeklar o‘zaro ko‘p muhokama qilishadi. Bu – ibrat olsa arziydigan jihatlar.

Koreyada xorijiy yoshlar asosan og‘ir jismoniy mehnat bilan band bo‘lishadi. Bir necha soatlik mashaqqatli mehnat tinkani quritadi, ya’ni o‘qishga hafsala ham, quvvat ham qolmaydi. Ammo ishni deb ta’lim voz kechish – ertadan voz kechish degani.

Janubiy Koreya ta’lim tizimi jahonda e’tirof etilgan. Bugun O‘zbekiston bilan ikkitomonlama hamkorlik rivojlanmoqda. Ko‘plab koreyaliklar O‘zbekistonga qiziqish bildirishmoqda. Ya’ni, kelajakda munosib mutaxassislarga ehtiyoj tug‘iladi. Shunday ekan, Janubiy Koreyadagi o‘zbek yoshlarining bugun sidqidildan bilim olishga diffat qilishlari maqsadga muvofiqdir. Mutasaddi tashkilotlardan mazkur muammoga nisbatan samarali yechimlar kutib qolamiz.

 

Shuhrat Sattorov, Yonsey universiteti tadqiqotchisi, Human.uz ning Janubiy Koreyadagi maxsus muxbiri.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!