3 ming dollar "mojaro"si: ta’lim xodimi hamda xususiy tadbirkorning firibgarligi fosh etildi

3 ming dollar "mojaro"si: ta’lim xodimi hamda xususiy tadbirkorning firibgarligi fosh etildi

Shu yilning 13 oktyabr kuni Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga fuqaro CH.N. ariza bilan murojaat qilib, unda 2018 yilning oktyabr oyi boshlarida X.A. Oliy ta’lim vazirligida ishlovchi U.A. orqali uning ikki nafar tanishlarini Toshkent huquqshunoslik liseyiga o‘qishga kiritib qo‘yishga va’da qilib, evaziga 3 ming AQSh dollari so‘raganligini ma’lum qilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV va Namangan viloyati IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, xususiy tadbirkor X.A. Namangan shahrining Nodira ko‘chasida fuqaro CH.N.dan 3 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan. X.A. o‘z ko‘rgazmasida ushbu pullarni o‘qishga kiritish masalasini hal qilish uchun jinoiy sherigi U.A.ga berishi lozim bo‘lganligini ko‘rsatgan.

14 oktyabr kuni X.A.ning ko‘rgazmasi asosida tezkor tadbir davom ettirilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limini rivojlantirish markazi bo‘lim boshlig‘i U.A. Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani “Qirqqiz” qishloq fuqarolari yig‘ini hududida jinoiy sherigi X.A.dan 3 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Ushbu holat yuzasidan Namangan shahar IIB Tergov bo‘limi tomonidan X.A. va U.A.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi va 28, 211-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!