Tramp jurnalist o‘limi uchun Ar-Riyodni jazolash bilan tahdid qildi

Tramp jurnalist o‘limi uchun Ar-Riyodni jazolash bilan tahdid qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining g‘oyib bo‘lishi bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritmoqchi va agarda buning ortida Ar-Riyod turgan bo‘lsa, "keskin jazo" bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.

"Agarda shunday bo‘lsa, biz juda darg‘azab va norozi bo‘lamiz. Ular hozircha buni inkor etishmoqda", — dedi AQSh prezidenti CBS telekanalining 60 minutes ko‘rsatuvida. "Biz oxirigacha yetib boramiz. Va jazo keskin bo‘ladi", — ta’kidladi AQSh prezidenti.

Tramp agarda buning ortida Ar-Riyod turgan bo‘lsa cheklash choralari kiritilishi mumkinligini istisno etmadi, ammo Saudiya Arabistoniga qurol yetkazib berishdan voz kechmasligini va amerikaliklarni ishsiz qoldirmasligini ta’kidladi. "Bu buyurtmani olishni jahonda hamma xohlagandi –Rossiya ham, Xitoy ham", — dedi Tramp.

Washington Post gazetasida sharhlovchilik qiladigan Jamol Qoshiqchi 2 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulxonasiga kirganidan so‘ng yo‘qolib qolgandi. 

Payshanba kuni Washington Post gazetasi Turkiya AQShga jurnalistning qiynoqqa solingani va o‘ldirilganini isbotlovchi audio va videoyozuvlar mavjudligini bildirganini yozgandi. Gazeta manbasining so‘zlariga ko‘ra, Qoshiqchi 2 oktyabr kuni konsullik binosiga kirganidan so‘ng o‘ldirilgan va tanasi nimtalangan.

Saudiya hukumatining ta’kidlashicha, jurnalist konsullik binosidan chiqib ketganidan so‘ng yo‘qolib qolgan. Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an Saudiya Arabistoni jurnalistning yo‘qolib qolishiga aloqador emasligini isbotlashi shartligini bildirdi.

Manba: kun. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!