Shavkat Mirziyoyevning yangi farmoniga ko‘ra kimlar jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin?

Shavkat Mirziyoyevning yangi farmoniga ko‘ra kimlar jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin?

Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlashga, shuningdek, yoshlarni terroristik, ekstremistik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan samarali himoya qilishga qaratilgan jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Buning natijasida birgina 2017 yilda 18 mingdan ziyod sodir etgan qilmishiga pushaymon bo‘lgan hamda tinch turmush tarziga qaytgan fuqarolar terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar faoliyatida ishtirok etishga moyil bo‘lgan shaxslar ro‘yxatidan chiqarildi. Ularning 10 mingdan ziyodiga ish bilan ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lgan, o‘z qilmishining huquqqa xilofligini anglab yetgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqarolarga Vataniga, oilasi bag‘riga, tinch hayotga qaytish imkonini berish maqsadida, shuningdek, insonparvarlik prinsiplariga asoslangan holda:

1. Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

2. 2018 yil 1 noyabrdan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar (keyingi o‘rinlarda – taqiqlangan tashkilotlar) tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Komissiya xulosasiga asosan jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi;

Komissiya tomonidan salbiy xulosa chiqarilgan taqdirda barcha holatlar qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.

3. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari quyidagi hollarda, ushbu Farmonga muvofiq, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin:

aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida shaxsan arz qilib kelsa, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lsa va tuzalish yo‘liga o‘tgan bo‘lsa;

jinoiy faoliyat va boshqa huquqqa xilof qilmishlarni fosh etishda faol yordam bergan bo‘lsa;

taqiqlangan tashkilotlar safiga aldov yo‘li bilan jalb etilgan bo‘lsa;

taqiqlangan tashkilotlarning g‘oyaviy yoki ma’naviy rahnamosi bo‘lmagan bo‘lsa;

jangovar harakatlarda va qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishda ishtirok etmagan bo‘lsa;

terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida taqiqlangan tashkilotlarda o‘quv, maxsus yoki harbiy tayyorgarlikdan o‘tmagan bo‘lsa;

terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida chiqish yoki harakatlanishni amalga oshirmagan bo‘lsa;

xalqaro terrorizmni moliyalashtirishda ishtirok etmagan bo‘lsa;

terroristik, ekstremistik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalar mavjud bo‘lgan materiallarni adashib yoki axborot-kommunikasiya vositalarida tarqatishga qasd qilmagan va bunday maqsadni ko‘zlamagan holda saqlagan bo‘lsa.

4. Komissiyaga (Murodov O.) quyidagi vakolatlar yuklansin:

taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiqish;

murojaat etgan fuqarolarning shaxsini, shu jumladan, ularning sodir etilgan jinoyatlarga daxldorligini har tomonlama tekshirish orqali o‘rganish;

murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan xulosalarni dastlabki tergov organlariga o‘rnatilgan tartibda taqdim etish;

sodir etgan qilmishiga pushaymon bo‘lgan va aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilib murojaat etgan fuqarolarga nisbatan taqiqlangan tashkilotlar a’zolari tomonidan salbiy ta’sir etilishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish uchun vakolatli organlarga topshiriqlar yuborish;

jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatilishida, shu jumladan, bandligini ta’minlash borasida ko‘maklashish va monitoringini olib borish;

jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxslar bilan profilaktik-tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha vakolatli organlar va tashkilotlarga topshiriqlar yuborish.

5. Belgilansinki:

ushbu Farmon fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi;

taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning qilmishiga pushaymonligi hamda aybini bo‘yniga olishi to‘g‘risidagi arizasi xorijda ularning yashash joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalariga yoxud O‘zbekiston Respublikasining huquqni muhofaza qiluvchi organlariga beriladi;

ushbu Farmon bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilib, taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish bilan bog‘liq jinoyatni qayta sodir etgan shaxsning takroriy murojaati ko‘rib chiqilmaydi;

Komissiya tomonidan o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qaror barcha davlat organlari va tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiydir;

Komissiyaning ishchi organi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hisoblanadi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Oliy sud bilan birgalikda bir oy muddatda taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va jinoiy javobgarlikdan ozod etish mexanizmlarini nazarda tutuvchi Nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

7. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi ushbu Farmon mazmun-mohiyatini, shuningdek, uning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni muntazam ravishda aholi o‘rtasida keng yoritib borilishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 6 sentyabrdagi “Terrorchi guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida”gi PF–2712-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Z. SH. Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V. V. Maxmudov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B. M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 19 sentyabr


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!