Shavkat Mirziyoyev: "Mamlakatimizda 5G texnologiyasini joriy etishni tezlashtirish kerak"

Shavkat Mirziyoyev: "Mamlakatimizda 5G texnologiyasini joriy etishni tezlashtirish kerak"

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bir makon, bir yo‘l xalqaro forumidagi ishtiroki doirasida 25 aprel kuni Huawei kompaniyasining Tadqiqotlar va innovasiyalar markaziga tashrif buyurdi.

Huawei Technologies raqamlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biridir. Innovasion axborot mahsulotlari va yechimlari, ma’lumot uzatish tizimlari, optik qurilmalar, routerlar, tarmoq uskunalari, ma’lumot markazlari, iste’molchilar uchun smartfonlar, planshetlar, kompyuterlar, maishiy elektr jihozlari ishlab chiqarish kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.

O‘zbekistonda Huawei kompaniyasi bilan birgalikda telekommunikasiya tarmoqlarini kengaytirish, mobil aloqa operatorlari va provayderlari tarmoqlarini rivojlantirish, optik tolali aloqa liniyalari yordamida yuqori tezlikda ma’lumotlar uzatish texnologiyalarini ishga tushirish bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev dastlab Huawei kompaniyasining eng so‘nggi texnologik yechimlari va mahsulotlari namunalari bilan tanishdi.

Kompaniya asoschisi Jen Chjenfey bilan mamlakatimizda Xavfsiz shahar , Elektron hukumat va shoshilinch tibbiy yordam xizmatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Prezidentimiz kompaniyaning sun’iy intellektga asoslangan texnologik yechimlariga yuqori baho berdi.

Davlatimiz rahbari kompaniya bilan hamkorlikda mamlakatimizda amalga oshirilgan loyihalar, mutaxassislarni tayyorlash masalalari bilan qiziqdi.

Yangi texnologiyalarni jalb etishdan oldin ularni ishlatuvchi mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish juda muhim. Kompaniya bilan avvalo ushbu yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik qilish, mamlakatimizda 5G texnologiyasini joriy etishni tezlashtirish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuv yakunida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!