Nega o‘smirlar joniga qasd qilmoqda?

Nega o‘smirlar joniga qasd qilmoqda?

Kundalik turmush tashvishlaridan ortib bag‘ringizda o‘sib ulg‘ayotgan farzandingiz yoki uning do‘stlarining fe’l-atvorlari, qiziqishlarini hech kuzatganmisiz. O‘g‘lingiz yoki endigina balog‘atga yetayotgan qizingiz bilan dildan suhbatlashasizmi? Aslida farzand ona bilan ko‘proq yaqinroq bo‘ladi, deyishadi. Bu isbotlangan hayot tajribasi. O‘sha yaqinlikni yaratish esa onaning qo‘lida. Ishda o‘tirib telefon orqali nazorat qilishingiz yoki ma’lum bir fanga, to‘garaklarga vaqtini biriktirib qo‘yishingiz mumkin. Lekin bolaning ham o‘z xayollari, dilida saqlab yuradigan gaplari bor. Bir o‘ylab ko‘ring, bu haqda bolangiz baralla ayta oladimi?

Yaqinda mahalladosh o‘sib ulg‘aygan dugonamning farzandim tengi 17 yosh qizi o‘z joniga qasd qilganligi haqidagi xabar meni sergak torttirdi. Qizning o‘z joniga qasd qilish sababi esa noma’lumligicha qoldi. U hech kimga hech narsa demagan, na xat va na bir og‘iz gap qoldirgan. Barcha dardu tashvishlarini o‘zi bilan birga olib ketgan. Faqat onasi ruhiy holatidagi tushkunlikni sezgan xolos. Ammo buni odatiy o‘spirinlikka yo‘ygan. Ba’zan bunday tushkunlik holatlarini oddiygina qabul qilamiz, ammo buning ortidan ayanchi fojialar ro‘y berishini kech anglaymiz.

Ota-ona jigarbandidan farqli ravishda ruhiyati mustahkam shakllangan bo‘ladi, deydi psixolog Feruza Norboyeva. O‘smir bola depressiyasining profilaktikasi nizoli vaziyatlarda qochishdan iborat emas, u hali bunga tayyor emas. Buning imkoni yo‘q. Shunday psixologik iqlim yaratish kerakki, o‘smir o‘zini yolg‘iz, tan olinmagan va nomukammal his etmasin. Shunday davrda ota-onadan sezgirlik talab qilinadi. Depressiyaning belgilarini erta aniqlash juda muhimdir. Ota-ona o‘z farzandini eshitmasligi samimiy suhbatdosh bo‘lolmasligi yomon. Psixologiyada o‘smirlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish borasida 3ta omil ajratib ko‘rsatiladi. Turli ijtimoiy qatlamlardan chiqqan bolaning tengdoshlari oldida o‘ksib qolishi, oilaviy nizo va bosimlar, qo‘pol munosabat hamda bepisand bo‘lish, nihoyat, nomukammallikni his etib, shu kabi tuyg‘ularni yengib o‘tolmaslik, muammolar oldida ojiz qolishdir. Asosiysi, masalani tashqaridan emas, ichkaridan turib asl mohiyatiga kirilmasa, o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichlari ko‘payib boraveradi. O‘smir bunday holat bilan to‘qnashsa, bunda atrofdagilarni ayblash har doim to‘g‘ri yechim emas. Eng avvalo, uni ruhiyatini yemirayotgan xayollardan qutqarishimiz kerak. Nosog‘lom g‘oya nima ekanligini anglashga turtki bo‘lsakkina, u o‘zini ichkaridan turib taftish qila oladi.

Shu o‘rinda yana bir fikr. Har bir oilada diniy ta’limot tushunchasi ham shakllanishi lozim. Chunki dinimizda o‘z joniga qasd qilish qat’iyan qoralandi. Bu haqida farzandlarni xabardor etish ota-onaning burchidir. Dinimiz ta’limotida insonning o‘z joniga qasd qilishi qattiq qoralanadi. Alloh taolo aytadi: ...o‘zlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir (Niso surasi, 29-oyat). Qolaversa, ko‘plab sahih hadislarda o‘z joniga qasd qilish og‘ir gunoh ekani va uni amalga oshirgan osiy banda jahannam o‘ti bilan abadiy azoblanishi ta’kidlanadi.

Shuningdek, jahon dinlarining barchasida o‘z joniga qasd qiluvchilar qattiq qoralanadi va gunoh sifatida qaraladi. Ayrim xalqlarda o‘z joniga qasd qiluvchilar qabristondan tashqariga ko‘miladi. Islom dinida esa o‘z joniga qasd qilganlarga janoza o‘qilmaydi.

O‘smirlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holati afsuski uchrab turadi, Mukarrama Pirimqulova Payariq tumani Toshhovuz mahallasi faoli, Oilaviy ajrimlar, ota-onadan birining xorijga ishlash uchun ketishi, natijada bolalarning qarovsiz qolishi kabilar ham muammoning ildiz otishiga sabab bo‘lmoqda. Chunki, o‘tgan yili ota-onasi xorijda ishlaydigan buvisini qo‘lida qolgan 17 yoshli o‘smir o‘zini osib qo‘ydi. Xo‘sh, moddiy tarafdan hamma narsasi yetarli bolaga nima yetishmagan? Hech kim ota-ona mehrini bera olmaydi. Ota-ona nazorati farzand tarbiyasida birlamchi omildir. Farzandlarni moddiy ta’minoti bilan birga ma’naviyatini ham boyitishimiz lozim. Ma’naviyati yuksak inson hech qanday qabih va jaholat ishlariga qo‘l urmasligi tayin.

Darhaqiqat, bugungi kunda o‘smirlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holati butun dunyoda yildan yilga eng katta muammolardan biriga aylanib bormoqda. Buning asl sabablari mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilganlarning asosiy qismi 14-19 yoshdagi o‘spirinlar hissasiga to‘g‘ri keladi. E’tiborli tomoni, suiqasd holatlari aholi yashash darajasi past mamlakatlarda ko‘proq kuzatiladi. Joriy yilda JSST o‘z joniga qasd qilish darajasi eng yuqori 10ta davlat ro‘yxatini tuzib, unda O‘zbekiston davlati 5 o‘rinda turibdi. Bu biz uchun fojia emasmi? Biz farzand tarbiyasidagi xato va kamchiliklarimizni sarhisob etsakkina muammolar o‘z yechimini topadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘z joniga qasd qilish birdaniga bir kuni ro‘y berib qolmaydi. O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, o‘zini o‘ldirgan o‘smirlardan 90 foizi qaysidir darajada ruhiy salomatlik muammosiga ega bo‘lganlar.

Bu o‘rinda tushkunlikdan (depressiya) tortib, vos-vos, zo‘ravonlik va giyohvand moddalarga mukkasidan ketish tilga olinadi. Lekin boshqa tomondan yashash sharoitining o‘zgarishi, maktab va do‘stlar bilan muammolar, jinsiy moyillik yuzasidan noaniqlik ham omillar sifatida keltiriladi. Shuning uchun mutaxassislar erta ogoh beruvchi xavotirli belgilarga e’tibor qaratishni ta’kidlaydi. O‘smirlar asosan qashshoqlik, oila a’zolari yoki tengdoshlarining salbiy munosabati, rad etilgan sevgi, o‘qishdagi o‘zlashtirish pasayishi, bedavo kasallik, bolalikdagi zo‘ravonliklar asorati, giyohvand va alkogol mahsulotlar iste’moli oqibatida o‘z jonlariga qasd qilishi isbotlangan.

Xulosa shuki, farzand tarbiyasidagi ma’suliyat kundan kunga ortmoqda. Chunki bugungi o‘smir kundalik axborot oqimi bilan chambarchas bog‘liq. Uning har bir harakatidan xabardor bo‘lish o‘zimizning qo‘limizda.

Ma’lumotlar

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har 40 soniyada bir odam o‘z joniga qasd qiladi. Har yili 100 ming kishidan o‘rtacha 11 kishi o‘z hayotiga chek qo‘yadi.

Jahonda sodir etilgan o‘z joniga qasd qilish hollarning 75 foizi kambag‘al davlatlarda ro‘y beradi.

O‘z joniga qasd qilganlar orasida ayollarga qaraganda erkaklar ko‘proq.

Jahonninng ba’zi mintaqalarida o‘z joniga qasd qilish 15-19 yoshda bo‘lganlar orasidagi o‘limga sabab bo‘luvchi asosiy omilga aylangan. Masalan, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bir yilda suisidlar soni bir millionga yaqinlashib qolayotganidan xavotirga tushmoqda. Agar vaziyat shu tariqa davom etadigan bo‘lsa, 2020 yilga borib o‘z joniga qasd qiluvchilar soni bir yarim barobar oshar ekan. Shu sababli ham o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish Xalqaro assosiasiyasi Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda Jahon o‘z joniga qasd qilishlarning oldini olish kunini o‘tkazar ekan, dunyo hukumatlari va jamoatchilikka murojaat qilib, insonlarning hayotini saqlab qolish maqsadida mas’uliyatni his qilishga chaqirmoqda.

O‘zbekistonda

O‘zbekistonda esa 1990-2016 yillar davomida o‘smirlar o‘limi ikki baravar (400 nafar) oshdi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yili voyaga yetmaganlar o‘rtasida uch oyning ichida 153 ta o‘z joniga qasd qilish holati qayd etilgan.

2018 yil 2 noyabr kuni Qarshi tumani, Do‘stlik mahalla fuqarolar yig‘inida yashagan, 2004 yilda tug‘ilgan, Qarshi tumanidagi 63-maktabning 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan Nosir To‘ychiyev (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) o‘zi istiqomat qilib kelgan uy ayvoniga o‘zini arqon bilan osgan.

Toshkent viloyati Ohangaron shahridagi 5-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi o‘zini osgan.

Samarqand viloyatida 2018 yilda uch oyning o‘zida 91 kishi o‘z joniga qasd qilgan. O‘z joniga qasd qilganlarning 45 nafari ayollar va 46 nafari erkaklar bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 taga ko‘paygan. O‘z joniga qasd qilganlarning 50 nafari vafot etgan.

Toshkent viloyatida 2018 yil 17 aprel kuni noma’lum sabablarga ko‘ra, 5 kishi o‘zini osgani va ulardan 3 nafari voqea joyida vafot etgan.

Qonunchiligimizda

2018 yil 16 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida gi qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, 2018 yil 1 maydan boshlab xususiy tibbiyot tashkilotlariga ruhiy holat buzilishini va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash bo‘yicha aholiga ayrim xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat etiladi.

2018 yil 1 oktyabrdan boshlab dispanser kuzatuvi ostidagi shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ularning psixiatriya muassasalarida qancha muddat bo‘lganliklari, berilgan dori vositalari, ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmatlar va taqdim qilingan imtiyozlardan iborat bo‘lgan, shuningdek, bu sohadagi ishlarning holati to‘g‘risida tezkor axborot olish imkonini beruvchi ushbu shaxslarning yagona elektron reestri yuritilishi amaliyotga joriy etiladi.

Shuningdek, 2018 yil 1 apreldan boshlab ichki ishlar organlari o‘z joniga qasd qilingan har bir holat to‘g‘risida psixiatriya xizmati muassasalariga zudlik bilan xabar berishi belgilab qo‘yildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 mayga qadar bo‘lgan muddatda psixiatriya muassasalarini o‘z joniga qasd qilish harakatlari to‘g‘risida majburiy ravishda xabardor etish tartibini ishlab chiqadi, deya belgilab qo‘yilgan.

Dunyo mamlakatlari qonunlarida

Bugungi kunda bir qator mamlakatlarda o‘z joniga qasd qilishga uringan shaxslar jazoga tortiladi. Masalan, Hindistonda o‘zini o‘ldirishga uringan shaxs bir yil ozodlikdan mahrum qilinadi yoki jarimaga tortiladi. Singapurda ham o‘zini o‘ldirishga uringan shaxslar bir yil qamoqda o‘tirishga majbur.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!