Navoiyda 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan shaxs oqlandi

Navoiyda 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan shaxs oqlandi

2019 yil 27 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi kassasiya instansiyasi sudlov hay’ati ochiq sud majlisida JK 210-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan sudlangan V.Zokirov oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Dastlab, V.Zokirov jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudining 2011 yil 1 avgustdagi hukmiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan.

Sudning hukmiga ko‘ra, sudlangan V.Zokirov 2010 yilning iyun oyidan 2011 yilning mart oyiga qadar Qiziltepa tuman IIB tergov bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelib, mas’ul mansabdor shaxs bo‘la turib, egallab turgan mansab mavqeidan g‘araz maqsadlarda foydalanish uchun harakat qilib, o‘zining ish yurituvidagi 2010 yil 30 noyabrda JK 25,273-moddasining 5-qismi alomatlari bilan qo‘zg‘atilgan ayblanuvchi M.Raupovga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlarini olib borish jarayonida M.Raupovning advokati sifatida ishda ishtirok etayotgan Qiziltepa tumanidagi “Behruz Diyor Navoiy” advokatlik byurosi advokati S.Norqulova bilan qonunsiz yo‘llar bilan mulkiy manfaat ko‘rish maqsadida bir guruhga birlashib, M.Raupov va uning qarindoshlarini M.Raupovga qo‘yilgan ayblov o‘zining mohiyatiga ko‘ra o‘ta og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi sababli, jinoyat qonunchiligi bo‘yicha qattiq jazolanishi orqali jismoniy va ruhiy azob berilishi, inson sifatida qadr-qimmati kamsitilishi haqida soxta tasavvur uyg‘otib, ularda jinoyat sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi odilona bo‘lishi, ya’ni jinoyatning og‘ir- yengilligiga, aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga, ayblanuvchining qilmishidan pushaymonligiga, ijtimoiy adolat mezonlarining tiklanishidagi faol ishtirokiga muvofiq bo‘lishi haqidagi tushunchalarning shakllanishiga turli yo‘llar bilan to‘sqinlik qilib, M.Raupov va uning yaqin qarindoshlarini M.Raupovga muqaddam
JK 25,273-moddasining 5-qismi bilan e’lon qilingan ayblovni JK 276-moddasining 2-qismiga qayta malakalash orqali qisqa muddatda ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo tayinlanishiga erishish evaziga tamagirlik yo‘li bilan jami 6000 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni pora tariqasida berishga qiziqtirgan.

Sudlangan V.Zokirov ayblanuvchi M.Raupov va uning yaqin qarindoshlarini o‘ziga nisbatan ishonch bildirishganligidan foydalanib, ularning tasavvurida M.Raupovga nisbatan yengillik berishning yagona yo‘li mansabdor shaxslarga pora berish kabi ijtimoiy xavfli tushunchaning paydo bo‘lganligiga ishonch hosil qilishib, M.Raupovni va u orqali uning opasi Raupova Shoirani 6000 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni pora tariqasida berishga ko‘ndirgach, 2010 yil 30 noyabr kuni jinoiy sherigi S.Norqulova orqali ayblanuvchi M.Raupovning opasi SH.Raupovadan jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziltepa tuman sudi binosida
1600 AQSh dollari, 2010 yil 2 dekabr kuni S.Norqulova orqali M.Raupovning o‘g‘li T.Abduxakimovdan jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziltepa tuman sudi binosi yonida 2400 AQSh dollari va 2011 yil 5 yanvar kuni S.Norqulova orqali T.Abduxakimovdan jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziltepa tuman sudi binosining yonida
2000 AQSh dollari jami 6000 AQSh dollarini M.Raupovning aybini yengilroq moddaga qayta malakalash niqobi ostida qonunga xilof ekanligini bilgani holda pora tariqasida olishib, qonunsiz yo‘llar bilan qo‘lga kiritishgan pulning 3800 AQSh dollarini o‘ziga olib, 2200 AQSh dollarini jinoiy sherigi S.Norqulovada qoldirgan.

Mazkur hukm bilan S.Norqulova ham sudlangan bo‘lib, jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi kassasiya instansiyasining 2018 yil 21 iyundagi ajrimi bilan sud hukmi S.Norqulovaga tegishli qismi qonunga muvofiqlashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018 yil 24 avgustdagi “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-prosessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 24-sonli Qarorining 1-bandida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qonun normalarini aniq bajarishdan va unga rioya qilishdan har qanday chekinish, u qanday sababga ko‘ra yuz berganligidan qat’iy nazar, shu yo‘l bilan olingan dalillarning nomaqbul (yaroqsiz) deb topilishiga olib kelishi, maqbul bo‘lmagan dalillar yuridik kuchga ega bo‘lmay, ulardan Jinoyat-prosessual kodeksining 82-84-moddalarida nazarda tutilgan holatlarni isbotlash uchun foydalanish hamda ularni ayblov asosiga qo‘yish mumkin emasligi;

3-bandi 6-kichik bandida, jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining surishtiruvdagi, dastlabki tergovdagi sudda dalillar majmui bilan o‘z tasdig‘ini topmagan ko‘rsatuvlari nomaqbul deb topishga asos bo‘lishi tushuntirilgan.

Jinoyat ishi hujjatlaridan ko‘rinishicha, V.Zokirovning zimmasiga qo‘yilgan ayblov faqatgina SH.Raupova, S.Norqulova va T.Abduxakimovning  ko‘rsatuvlari hamda V.Zokirov va S.Norqulovalarning tergov hibsxonasida olingan iqrorlik ko‘rsatuvlariga asoslangan.

V.Zokirov kassasiya instansiyasi sudida, mazkur jinoyatda ayblanishining sababi MXXning xodimlari undan 2010 yilda 2 nafar fuqarolarni ayblab berishini so‘rashganligi, ammo u ushbu jinoyat ishi bo‘yicha JPKning 83-moddasi 2-bandiga ko‘ra tugatganligi, yana bir nafar MXXning arizachisini ayblab berganligi, keyin MXX xodimlari uni 2010 yil oktyabr oyida yig‘ilishga chaqirib, unga “Sen IIBda endi boshqa ishlolmaysan, chunki sen ayblash lozim bo‘lgan shaxslarni oqlading hamda bizning arizachini ayblab, fuqarolarning bizga bo‘lgan ishonchini so‘ndirding, agar ishlashni xohlasang, biz bilan hamkorlikda 1 nafar prokuror hamda 1 nafar sud’yani ushlab berasan” deganligi, ammo u MXX xodimlarining taklifini rad qilganligi va IIBda ishlamasa, dehqonchilik bilan shug‘ullanishini aytganligi, keyin uni haqoratlab xonadan chiqarib yuborishganligi, shundan so‘ng oradan 3-4 oy o‘tmasdan ushbu jinoyat ishi boshlanib ketganligi, 2011 yil 10 mart kuni uni MXX idorasiga chaqirishib, ustidan ariza tushganligini aytishganligi, u arizani ko‘rsatishni so‘raganida, hech narsani ko‘rsata olishmaganligi, chunki ularda ariza yo‘q ekanligi, keyin uni MXX kuratorlari Mexroj va Azim ismli shaxslar chaqirishib, MXX hodimi Raxmatullayev Umidga uni so‘roq qilishini aytib, o‘zlari chiqib ketishganligi, viloyatda Azim sud yo‘nalishi bo‘yicha, Mexroj esa IIO bo‘yicha kurator ekanligi, ertasi kuni yana chaqirishganida soat 09:00 da borganligi, keyin shu kun uni MXXning Buxoro shahridagi tergov hibsxonasiga olib borishganligi, u yerda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligini va yuzlashtirish tergov harakati o‘tkazilishini aytishganligi, o‘sha tergov hibsxonasida G‘ayrat ismli MXX xodimi bo‘lib, ularga JPKning talablarini buzayotganliklarini aytganida, G‘ayrat sakrab kelib uni tepganligi va unga “Sen hozir serkulyasiya bo‘lasan, serkulyasiya nima ekanligini anavidan so‘ra” deb olib kelingan M.Raupovni ko‘rsatganligi, keyin ular M.Raupovdan “shu odammi?” deb so‘raganida M.Raupov buni inkor qilganidan so‘ng, Mexroj va Azimlar M.Raupovni tepkilab ketishganligi, o‘sha xonada bo‘lgan kopmyuterda ko‘rsatmalarni darrov yozib, qo‘l qo‘ydirishganligi, uni usha yerdan soat 15:00 atrofida olib chiqishganligi, shu bilan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, nohaq ayblashganligi, unga nisbatan viloyat prokuratura xodimi F.Usmonov tergov harakatlari olib borgan bo‘lsada, aslida barcha ishni MXX xodimlari amalga oshirganligi, S.Norqulova bilan uni yuzlashtirishganida ikkalasida ham advokat bo‘lmaganligi, jinoyat ishida u M.Raupovga nisbatan tergov harakatlarini olib borayotganida pul olganligi hamda M.Raupovning oila a’zolari bilan uchrashganligi yozilgan bo‘lib, bularning barchasi yolg‘on ekanligi, u hech kim bilan uchrashmaganligi va pul haqida gaplar ham bo‘lmaganligi, u S.Norqulova bilan biror bir marta telefon orqali gaplashmaganligi, S.Norqulova unga M.Raupovning oila a’zolari tomonidan berilgan pullarni qaytarish haqidagi xati bu barchasi yolg‘on ma’lumot bo‘lib, agar ushbu haqidagi xat chindan ham bo‘lganida jinoyat ishiga ilova qilingan bo‘lishi, ammo jinoyat ishida ushbu mazmundagi xat mavjud bo‘lmaganligi haqida;

Guvoh S.Norqulova kassasiya instansiyasi sudida, MXX xodimlari bosim o‘tkazganligi sababli, ya’ni V.Zokirovga qarshi ko‘rsatmasidan qaytsa qamalishi haqida aytib, uni xonadan olib chiqib ketganligi va shu bois V.Zokirovga qarshi ko‘rsatma berganligi;

Guvoh M.Raupova sudda, MXX xodimlari jiyani T.Abduhakimovni aldab, otasini ko‘rsatishlari haqida aytib, ukasi yotgan turmaga olib borib, uni ko‘z oldida ukasini rosa urib, jiyanidan V.Zokirovga qarshi ko‘rsatma olishganligi, aslida u jiyani T.Abduhakimovga S.Norqulovaga olib borib berishi uchun pul bermaganligi, ular unga V.Zokirovga qarshi ko‘rsatma berishini, agar ko‘rsatma bermasa, qamoqdan ukasining o‘ligi chiqishini aytishganligi, u o‘shanda ham rozi bo‘lmaganligi, sudda unga hech kim ta’sir o‘tkazmaganligi va u hozirgidek ko‘rsatma berganligi, unga ukasi qamoqdan telefon qilib, “opajon o‘sha V.Zokirovga nisbatan ko‘rsatma ber, bo‘lmasa bular meni o‘ldiradi” deb aytganligi haqida ko‘rsatuv berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligining 2014 yil 23 iyundagi “Poraxo‘rlik jinoyatlari haqidagi ariza va xabarlarni ko‘rib chiqish, bu toifadagi jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda ko‘rishda qonun talablariga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash bo‘yicha” Qo‘shma ko‘rsatmasining 8.1-bandida, arizachining ko‘rsatmalaridan tashqari boshqa ob’ektiv dalillar aniqlanmaganda jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga, shaxs qamoqqa olinishiga, jinoiy javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘yilmasligi,jinoyat-prosessual qonuni talablariga rioya qilinmagan holda olingan nomaqbul dalillar asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi, har qanday holatda aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozimligi haqidagi JPKning 23-moddasi talablariga og‘ishmay rioya etilishi, arizachining ko‘rsatmasi, shaxsning aybiga iqrorlik ko‘rsatmalari bilan tasdiqlangan holatlar ham boshqa ob’ektiv dalillar aniqlanmagan taqdirda ayblash uchun yetarli asos bo‘la olmasligi inobatga olinishi;         

8.2-bandida, shaxsga ayb e’lon qilishga faqat ob’ektiv dalillar majmuigina asos bo‘lishi mumkinligi, bunda, pora beruvchi va u bilan bog‘liq shaxslarning ko‘rsatmalari hamda aybiga iqrorlik ko‘rsatmalar bilan chegaralanib qolmasdan, shaxsni ayblash uchun pora predmetining olinishi, qonunlar bilan belgilangan tartibda pochta-telegraf va elektron jo‘natmalari, audio yoki videoyozuvlar, telefon yoki boshqa moslamalar orqali amalga oshirilgan so‘zlashuvlar aniqlanishi kabi aniq mezonlar bilan asoslantirilishi shartligi belgilangan.

Biroq, jinoyat ishi hujjatlarida, V.Zokirovning aybiga iqrorlik hamda boshqa shaxslarning unga pora berganlik haqidagi ko‘rsatuvlaridan tashqari, yuqorida qayd qilingan Qo‘shma ko‘rsatmada belgilangan shaxsga nisbatan ayb e’lon qilishga asos bo‘lgan ob’ektiv dalillar majmuini tashkil etuvchi biror-bir aniq mezon mavjud emasligi aniqlangan.

Dastlabki tergov organi tomonidan V.Zokirovning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda pora olish jinoyatini sodir qilganligini namoyon etuvchi biror-bir ishonchga sazovor va maqbul dalillar to‘planmagan, birinchi bosqich sudi esa V.Zokirovning aybini tasdiqlovchi holatlar mavjudligi yoki mavjud emasligini sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqmasdan, V.Zokirovni aybli deb topib, barvaqt xulosaga kelgan.

Jinoyat ishidagi faqatgina iqrorlik ko‘rsatuvlaridan hamda shubha va gumonlardan iborat holatlar V.Zokirovni yuqorida qayd qilingan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblash uchun asos bo‘la olmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasida, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga halqilinishi lozimligi, qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerakligi;

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandida, sudlanuvchining qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa, aybsiz deb topilishi va reabilitasiya etilishi lozimligi belgilangan.

Sudlov hay’ati, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, sud hukmining sudlangan V.Zokirovga oid qismini bekor qilib, sudlangan V.Zokirovni O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 3-kismi (oldingi taxrirdagi) “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etmagan deb topib, JPKning 83-moddasi
2-bandiga asosan oqlashni lozim topdi.

 

 

Aziz Safarov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Navoiy viloyat sudi sudyasi

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!