Namanganda o‘qituvchi kollejning tartibsiz o‘quvchilarini kaltakladi: bu safar kim haq?

Namanganda o‘qituvchi kollejning tartibsiz o‘quvchilarini kaltakladi: bu safar kim haq?

Yodingizda bo‘lsa, Toshkent viloyatida darsni o‘zlashtirol­mayotgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining peshanasiga o‘qituvchining “2” baho qo‘ygani, Farg‘onada esa o‘qituvchi ayol yuqoridan kelgan tekshiruv vaqtida darsdagi qoniqarsiz ishtiroki uchun tanbeh eshitib, o‘quvchi qizning yuziga kundalik daftar bilan urgani kabi holatlar keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinib, tegishli choralar ko‘rilgan edi. Yaqinda esa xuddi ana shunday nizoli vaziyat bilan Namangan xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji “tarix”ga muhrlandi. Internet tarmoqlariga joylangan video havolada Namangan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi bir guruh o‘g‘il bolalarni kaltaklayotgani va haqoratlayotgani aks etgan. Surishtiruvlarimizdan ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchilar takror-takror dars qoldirib kelganlar. Bu o‘quvchilar kaltaklanishining bir sababi, boshqa tafsilotlarni esa surishtiruvimiz davomida oydinlashtirishga harakat qildik.

O‘qituvchi biroz qizishib ketganini tan oldi, ammo...

Rashid SAFAROV, 35-guruh rahbari:

— Guruh bilan ishlash davomida men barcha amaldagi qoidalar bo‘yicha ishlaganman. Hatto ota-onalarning ham bu borada tushuntirish xatlarini olganman. O‘quvchilar ham yozma tarzda ogohlantirilgan. Maqsadim ularni tartibga chaqirish bo‘lgan. Shu kuni to‘g‘risi, biroz qizishib ketdim va ularga qo‘l ko‘tarib, og‘zimdan xunuk so‘zlar chiqib ketdi…

"O‘qituvchini ­noodatiy "tarbiyaviy­ soat"ga majbur qilgan"

Bahodir ERGASHEV, kollejning harbiy ta’lim o‘qituvchisi:

— Bu guruh o‘quvchilari aslida oldindan dars soatlarini qoldirib kelishgan. Hatto bu holatni yaxshilash maqsadida har kuni tongi yig‘ilishlarda ham alohida ta’kidlab kelamiz. Barcha o‘qituvchilar buning oldini olish uchun ko‘p bora shug‘ullanganmiz. Aslida tarqalgan videohavolani yaxshilab eshitsak, 35-guruh rahbari Rashid Safarov o‘quvchilarni kaltaklayotganda: “Ruxsat so‘rasang, beryapmizmi? Kasal bo‘lsang “spravka” olib kel, necha marta ta’kidlash kerak senlarga, darslardan qochib ketmalaring...”degan so‘zlari bor. Bundan anglash mumkinki, o‘quvchilarning tartibsizligi takrorlanavergani o‘qituvchini ana shu tarzda “tarbiyaviy soat” o‘tkazishga majbur qilgan.

Mahalla tomonidan e’tiroz sabab...

Aslida ham o‘rganish­larimiz jarayonida ko‘p yillardan beri ishlab kelayotgan faxriy ustozlar va Rashid Safarovning boshqa hamkasblari kaltaklangan 35-guruh o‘g‘il bolalari biroz “erkaligi” va ichki qoidalarga bo‘ysunmasligi sabab kollejdagi eng namunali va talabchan o‘qituvchi bo‘lgan Rashid Safarovga biriktirilgan. Bunday holatlar, ya’ni o‘quvchilarning dars qoldirishlari tez-tez bo‘lib turgan. Hatto o‘quvchilar darsdan qochishda kollej binosini aholi xonadonlari bilan ajratib turuvchi qo‘rg‘ondan oshib o‘tishni odat qilishgan. Natijada gaz tarmog‘i quvuriga jiddiy zarar keltirishgan, ya’ni “truba” uzilib ketgan. Shu bois aholi vakillari kollejga holat yuzasidan jiddiy e’tiroz bilan chiqishgan. Ana shu holatlarda ham o‘qituvchi avvaliga ota-onalar va mahalla faollari ishtirokida tushuntirish xatlari olgan. Biroq o‘quvchilar bu odatlarini tashlamaganlar.

Kollej viloyatda eng nufuzli va bir necha yillik faoliyatga ega bo‘lgani sabab, bu yerda hatto 30-40 yillik malakali tajribaga ega ustozlar o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berib keladi.

Hasanboy NO‘’MONOV, ijtimoiy fanlar ­kafedrasi mudiri:

— Kolleji­miz faoliyat boshlaganiga 80 yildan oshdi, men esa 40 yildan beri faoliyat yuritib kelaman. Ammo shu vaqtga qadar bunday ko‘ngilsiz holatlar kuzatilmagan. O‘qituvchilar jamoasi va o‘quvchilar doim o‘rnak ko‘rsatib kelgan. 35-guruh o‘quvchilarining ham bilim olishiga ko‘mak beradi, ham ularning ta’lim tarbiya­siga alohida e’tibor qaratadi, degan maqsadda yosh o‘qituvchi Rashid Safarov biriktirilgan edi. Bu o‘qituvchi, albatta, o‘zining to‘qqiz yillik faoliyatida zimmasidagi vazifalarni bajarib kelgan. Ya’ni o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan doimo aloqada bo‘lgan. U hech qachon o‘quvchilarga yomon bo‘lsin, demaydi. U ham axiri shunday qilishga majbur bo‘lgan nazarimda.

"Bu xatti-harakati pedagogik odob-axloq me’yorlarga zid"

Javlon HAKIMOV, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari:

— Aslida o‘quvchilarning tartib-qoidalari, ya’ni ta’lim muassasiga ki­yinib kelish, uyali aloqa vositalaridan foydalanish, burch va majburiyatlari bilan bog‘liq tegishli farmoyishlar mavjud. Bu bo‘yicha deyarli har doim ishlar olib boriladi. Biroq Rashid Safarovning bu xatti-harakati pedagogik odob-axloq me’yo­rlarga zid. Ana shu sabab 27 oktyabr kuni turli internet saytlarida tarqalib ketgan video yuzasidan jamoaning yig‘ilishi o‘tkazildi. Rashid Safarov yo‘l qo‘ygan xatosi yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

O‘quvchilar "oppoq"mi?

Ushbu videohavola “o‘rgimchak to‘ri” orqali tarqalgach, foydalanuvchilar tomonidan turlicha munosabat bildirildi. Kimdir o‘qituvchining “tarbiyaviy soati”ni pedagogning odob-axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi, uning o‘zini ham xuddi shunday kaltaklab, haqoratlash kerakligini bildirgan bo‘lsa, aksariyat foydalanuvchilar o‘qituvchini bunday tartibga chaqirishiga sabab bo‘lgan “qahramon”lar ham begunoh emas, ya’ni ularning ham ta’lim muassasalaridagi tartib-qoidaga rioya qilmaganini ham oqlab bo‘lmasligini ifoda etishgan. To‘g‘ri, uydami, ko‘chadami, ta’lim-tarbiya maskanidami, xullas, qayerda bo‘lmasin, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘rlik ishlatishni oqlab bo‘lmaydi. Bu bo‘yicha O‘zbekiston Bola huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ratifikasiya qilganini unutmaslik kerak. Ammo xalq orasida bir naql bor: qars ikki qo‘ldan chiqadi. Xo‘sh, unda kim aybdor: ota-ona, mahalla fuqarolar yig‘ini aralashuvi bilan ham o‘quvchini tartibga chaqirolmagach, kaltaklashgacha majbur bo‘lib, pedagogik odob-axloq qoidalarini “buzgan” o‘qituvchimi yoki uni shunga majburlagan tartibsiz o‘quvchilar?

Ota-onalarning ­javobgarligi qanday?

Ma’lumki, so‘nggi paytlarda farzandining ta’lim olishini talab darajasida ta’minlay olmayotgan ota-onalar uchun ham qonunchilikda belgilangan me’yorlar amalda ijro etib kelinmoqda. Ularning ham bu borada javobgarligini kuchaytirish uchun jarima jazosi tayinlangan.

Nazokat TURG‘UNOVA, huquqshunos:

— Agar ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs­lar voyaga yetmagan bolalarning yurtimizda belgilangan majburiy ta’lim olishiga to‘sqinlik qilsa, ya’ni bu borada beparvolik, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ysa, ularga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanadi. Bunday holatlarda nafaqat o‘qituvchilar javobgar bo‘ladi, balki ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks­ning 47-moddasi 2-qismi talablariga ko‘ra, eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima chorasi qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi. Huquqiy nuqtai nazardan o‘qituvchi ta’lim muassasasi qoidalariga bo‘ysunmagan, darslardan qochib yurgan, muntazam dars qoldirgan yoki kechikishni odat qilib, tartibsizlikni yuzaga keltirgan o‘quvchilarning ota-onalariga nisbatan ana shunday qonuniy jazo choralari qo‘llanilishini o‘z vaqtida ta’minlaganida maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Qars ikki qo‘ldan chiqishining isboti

Ayni vaqtda yuqoridagi savollarga javob topish uchun ijtimoiy tarmoq orqali kichik so‘rovnoma o‘tkazishga ham to‘g‘ri keldi. Natijalarga ko‘ra, so‘rovnomaga munosabat bildirgan 216 nafar foydalanuvchilarning 107 nafari “Har qanday holatda ham o‘qituvchining bunday harakati pedagogika etikasiga to‘g‘ri kelmaydi”, deb hisobladi. Qolgan 109 nafar foydalanuvchi esa “O‘qituvchi haq, agar hatto mahalla fuqarolar yig‘ini va ota-ona aralashuvi ham o‘quvchining tartibsizligiga chek qo‘ya olmasa”, degan fikrda.

Bu natija bilan kifoyalanmay, surishtiruvimiz davomida guvohi bo‘lgan ayrim holatlar bilan ham vaziyatni taqqoslashga urindik. Masalan, kollejning boshqa guruhdagi talabalari, ularning kiyinish madaniyati, dars jarayonlariga qatnashuvlarini ko‘rib, 35-guruh bilan bog‘liq bunday ko‘ngilsizlikda tanganing ikkinchi tomonini ham ko‘rish muhim ekanligini angladik. Demak, ayb faqat o‘qituvchida emas, balki...

Manba: darakchi.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!