MEN YAXSHI YASHASHNI O‘RGANDIM...

MEN YAXSHI YASHASHNI O‘RGANDIM...

Qanday deysizmi? Hayron bo‘lmang, buni kamina Boyto‘ra yaxshi biladi. Buning uchun bitta so‘zi o‘tkir va sog‘lom xotin bo‘lsa kifoya. Albatta, siz ham oila bosh­qaruvchisi sifatida uddaburon, qattiqqo‘l, gohida esa xotinga ham birozgina erkinlik beradigan, eng asosiysi, pulni qanday ishlatishni biladigan erkak bo‘lishingiz kerak. Qarabsizki, maqsadingizga erishasiz. Bu orada tabiiyki, do‘stlaringiz ko‘payishi bilan birga, atrofingizda sizni ko‘rolmaydiganlar ham paydo bo‘ladi.

Ayolim bilan maslahatlashib (gohida ayolning ham fikrini eshitish zarar qilmas ekan), uni Turkiyaga ishlashga jo‘natdim. O‘ylamang bu qanaqa odam deb, yo‘q, men o‘ta hamiyatli va g‘ururli erkakman. Negaki, xotinim o‘zga yurtda yolg‘iz bo‘lmaydi. U 6-7 yildan buyon o‘sha yerda yurib, "mestniy"lashib ketgan singlimning yonida. Qolaversa, opam ham o‘shaqda-ku, qarab o‘tirmas...

Mana, xotinimning ketganiga bor-yo‘g‘i ikki yil bo‘libdiki, uylarni qo‘shnilarnikidan ancha baland qilib ko‘tardim. Farzandlarimni o‘qityapman. Bir kuni gaplashsam, bexosdan "Bo‘ldi, uyga qaytaman", deydi. Ey, shoshilma, kallang ishlaydimi, bizda odamlar bir burda nonga zor bo‘lib yuribdi, kelib nima qilasan, dedim. To‘g‘ri-da, bu yerda nima ham qiladi. Yana uch-to‘rt yil ishlasa kifoya. O‘g‘lim bilan qizim katta bo‘lib boryapti, ularga alohida uy-joy qilish kerak. Ahmoqmisan, dedim unga, opam va singlimdan o‘rgansang bo‘lmaydimi, ularni qara, bir umrga yetadigan pul jo‘natishdi.

Ochig‘i, shu ayol degani baribir ayolligiga borar ekan. Shuncha pulni tashlab kelib bo‘ladimi? Hali mashina olishim kerak. Shuncha yil mashinasiz yurganim yetadi. Men qatorilarning ikkitadan mashinasi, uyi bor.

Harqalay, xotinim shularni tushunib, yana ishlayapti. Yo‘qsa, bir oydan buyon telefon qilmadi, kelib qo‘yardi-da.

Boyto‘raning hasratlarini

Abduaziz HOSHIMOV yozib oldi.

"Zarafshon" gazetasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!