Koronavirus: Belgiya shifoxonalarida joy qolmadi. Virusga chalinganlar Germaniyaga jo‘natiladi

Koronavirus: Belgiya shifoxonalarida joy qolmadi. Virusga chalinganlar Germaniyaga jo‘natiladi

Belgiyada koronavirus tarqalishining ikkinchi to‘lqini ortida karantin e’lon qilindi. Shifoxonalar to‘lib-toshgani sababli koronavirusga chalinganlar qo‘shni Germaniyaga davolanishga jo‘natilmoqda.

Shuningdek, tibbiy ma’lumotga ega barcha fuqarolar koronavirusga chalinganlarni davolash uchun safarbar qilinmoqda. 

“Bizda virus tarqalishini maksimal cheklashdan o‘zga tanlov yo‘q. Bu oxirgi imkoniyat choralaridir. Bu choralar samara berishini ta’minlash faqat o‘zimizning qo‘limizdadir”, deb aytgan Belgiya bosh vaziri Aleksandr de Kroo.

Belgiya sog‘liqni saqlash vaziri Frank Vandenbrukning ta’kidlashicha, 30 oktyabrda Lyejdagi shifoxonalardan 4 bemor Germaniyaga jo‘natilgan. 

“Bu kichik raqamlar, biroq har bir bemor – birdamlik namoyishidir, gap odamlar hayoti haqida ketmoqda”, deb aytgan Vandenbruk.

Karantin kiritilishi sababli mamlakatda maktab ta’tillari uzaytiriladi, hayotiy muhim tovarlarni sotmaydigan barcha do‘konlar va xizmatlar sohasida faoliyat yurituvchi ba’zi korxonalar yopiladi. Fuqarolarga yopiq joylarda bir kishidan, ochiq joylarda esa 4 kishidan ko‘proq mehmon qabul qilish taqiqlanadi. Imkoni bor joylarda masofadan ishlashga o‘tiladi. Yangi choralar dekabr o‘rtalarigacha amal qiladi. 

Hozirda Belgiyada komendantlik soati kiritilgan hamda kafe va restoranlar ishi to‘xtatilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!