“Kemalar qabristoni”da festival

“Kemalar qabristoni”da festival
Mo‘ynoq tumanida “Centil Law Film”, “TrendSetter”, “Peopletravel” tashkilotlari tashabbusi hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, BMTning Taraqqiyot Dasturi ko‘magi bilan “Stixiya” elektron musiqiy festivali o‘tkazildi. Mazkur festivalga Markaziy Osiyo davlatlaridan, shuningdek, AQSH, Isroil, Turkiya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va Xitoy davlatlaridan ko‘plab sayyohlar, musiqa ixlosmandlari ishtirok etdi.
 
Festival Mo‘ynoqda – “Kemalar qabristoni” oldida tashkil qilindi. Turli ranglardagi yog‘dular, musiqiy ovozlar dengiz tomon yo‘naltirildi.
 
– Festivalga kutilganidan ham ko‘proq sayyohlar tashrif buyurdi. Yaqin davlatlardan velosipedda, motosiklda kelganlari ham bor, – deydi “Centil Law Film” tashkiloti xodimi Otabek Sulaymanov. – Festivalni o‘tkazishdan maqsad – jahon hamjamiyatining Orol dengizi muammosiga e’tiborini qaratish. Shuningdek, festivalda yuqori sifatli elektron musiqani targ‘ib qilishga e’tibor qaratilgan.
 
O‘zbekistonda birinchi marotaba o‘tkazilayotgan mazkur festivalda ishtirok etish bepul bo‘lib, keyingi o‘tkaziladigan festivallarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish uchun ehson to‘plashga qaratiladi.
 
– Bunaqa musiqiy festivali Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk bor O‘zbekistonda, aynan Mo‘ynoqda o‘tkazilmoqda, – deydi “Peopletravel” sayyohlik agentligi xodimi Sanjar Xolmurodov. – Mazkur tadbir har yili o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Agar shunday bo‘lsa hududda turizmning rivojiga katta hissa qo‘shishi shubhasiz. Orolni qaytara olmaganimiz o‘ta o‘kinchli. Biz yaxshi niyatlarni ko‘ngilga tuygan holda dengizni suv bilan to‘ldirish qo‘limizdan kelmasa ham ummon tovushlari bilan to‘ldirishni niyat qilganmiz.
 
Tadbirni yoritish uchun xorijiy nufuzli media tashkilotlar vakillari ham tashrif buyurdi.
 
Fransiyaning “Cinedoc films” kinokompaniyasi prodyuseri Kristian Liliyan ham festivalning hurmatli mehmoni. U Orolning to‘lishidan umidvor ekanligini bildirdi.
 
Ayni paytda Kristian Liliyan Amudaryo sohilida yashovchi xalqlar haqida filmni tasvirga olmoqda. U Pomir tog‘idan to Amudaryoning tugagan joyigacha daryo sohilidagi xalqlar turmushi bilan tanishib kelmoqda. Ular orasida daryodan oltin qidiruvchilar, sholi, paxta va boshqa o‘simliklar ekuvchilar ham bor. Shuningdek, film syujetiga Orol dengizida artemiya ovlovchilar turmushi ham kiritilgan.
 
Festival doirasida mehmonlar va mahalliy aholi “Kemalar qabristoni” maydonida piyoda sayil qilib, Mo‘ynoqda yangidan tashkil qilingan muzeyga hamda Nukus shahridagi I.Saviskiy nomidagi davlat muzeyiga tashrif buyurdi.
 
Yuqori tashkilotchilik va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilarda olam-olam taassurot qoldirdi.
 
Manba: uza. uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!