Chaqaloq sotmoqchi bo‘lgan shaxslarning jinoyati fosh bo‘ldi

Chaqaloq sotmoqchi bo‘lgan shaxslarning jinoyati fosh bo‘ldi

Jinoyatlar tahliliga e’tibor bersak, rasmiy nikoh orqali oila qurganlar emas, ko‘pincha, nikohsiz tug‘ib qo‘ygan qizlarda farzandlarini sotish hollari ko‘p uchraydi. Ular homilador bo‘lib qolganini ota-onasidan, mahalla-ko‘ydan yashiradi. Boshqa viloyat yoki shaharga borib, bolani tuqqach, tug‘dirishga yordam bergan vositachilar orqali bolani sotmoqchi bo‘lishadi. Quyida sizga hikoya qilmoqchi bo‘lgan voqeamiz qahramoni ham aynan shunday yo‘l tutgan qizlardan biri...

Benikoh homilador bo‘lib qoldi

Sudlanuvchi Zamira Ismatova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) vodiyda yashovchi, tergov jarayonida aniqlashning imkoni bo‘lmagan, “Shavkat” ismli shaxs bilan sevishib, ota-onasidan yashirin holda uchrashib, nikohsiz, muntazam ravishda yaqinlikda bo‘lib keladi. Shundan keyin u “Shavkat”dan homilador bo‘lib qoladi. Zamira homilasi katta bo‘lib qolgani uchun abort yo‘li bilan oldirish mumkin emasligini bilib, ota-onasi va mahalla oldida sharmanda bo‘lishdan qo‘rqadi. U tug‘iladigan farzandidan qutulish yo‘llarini qidiradi. Shu orada o‘ziga ilgari tanish bo‘lmagan Matyoqub Abdusamatov bilan tanishib qoladi. Zamirada Matyoqub orqali farzandini sotish fikri tug‘iladi. Bolani sotish orqali mo‘maygina daromadga ega bo‘lish fikri sudlanuvchi Matyoqubga ham ma’qul keladi. U tanishi Manzura Ne’matovaga qo‘ng‘iroq qilib, bir tanishi yaqin orada dunyoga keltiradigan chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘layotganini va unga xaridor topib berishni so‘raydi. Bu xabarni eshitgan Manzura tegishli organga ariza bilan murojaat qiladi va uning arizasiga ko‘ra, tezkor tadbir o‘tkazishga kirishiladi.

Boladan qutulmoqchi bo‘ldi

Matyoqub Abdusamatov Zamira Ismatova bilan birga Manzura Ne’matovaning uyiga kelib, Zamiraning tug‘ish muddati yaqinlashayotganini, tezroq xaridor topish lozimligini aytadi. Manzura ushbu jinoyatning yana boshqa ishtirokchilarini aniqlash maqsadida bu haqda yana kimlar bilishini Zamiradan so‘raydi. Zamira bundan onasining ham xabari borligini aytib, o‘zining uyali aloqa vositasidan onasi Munira Ismatovaning uyali aloqa vositasiga qo‘ng‘iroq qilib, Manzura Ne’matova bilan gaplashtiradi. Suhbat davomida Munira Ismatova qizi tug‘adigan boladan qutulmoqchi ekanligini aytib, chaqaloqni 3.000 AQSh dollariga sotishini ma’lum qiladi. Shundan keyin Matyoqub Manzuraga qo‘ng‘iroq qilib, agar chaqaloqni olish fikridan qaytgan bo‘lsa, boshqa mijozlari borligini aytib ogohlantiradi. Manzura jinoyatning oldini olish maqsadida tanishi Tamara Nikolayevani tadbirga jalb qiladi. Tamara o‘zining fuqarolik burchini ado etish maqsadida xaridor bo‘lishga rozi bo‘ladi. Tamara savdoni pishitish maqsadida Matyoqub bilan uchrashganida u chaqaloqni 7.000 AQSh dollariga sotishini ma’lum qiladi.

“Telegram” orqali suratlarni yuboradi

Zamira kasalxonaning tug‘uruq bo‘limida Sa’diyani dunyoga keltirib, tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnoma va chaqaloqning suratlarini Matyoqubga beradi. U o‘z navbatida hujjat va suratlarni Tamaraning “Telegram” profiliga yuboradi. Keyin xarajatlar ko‘payib ketganini vaj qilib, chaqaloqning narxini 8.500 AQSh dollariga ko‘taradi. Matyoqub Abdusamatov va Munira Ismatova chaqaloqni Zamiradan olib, bolasini o‘z xohishi bilan berayotgani va hech kimga da’vo qilmasligi haqida tilxat yozdirishadi. Ular Tamara Nikolayevaga qo‘ng‘iroq qilib, chaqaloq sotuvga tayyorligini ma’lum qilishadi. Matyoqub va Munira o‘zlarining g‘arazli niyatlarini amalga oshirmoqchi bo‘lib, kelishilgan 8.500 AQSh dollar pullardan 8.000 AQSh dollarini olayotgan vaqtlarida huquq-tartibot xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.

Jinoyatchilarga jazo tayinlandi

Matyoqub Abdusamatov, Zamira Ismatova, Munira Ismatova Jinoyat kodeksining 135-moddasi, 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Matyoqub Abdusamatovga 5 yil 6 oy, Zamira Ismatova va Munira Ismatovaga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlandi.

Munira Ismatovaga nisbatan JKning 72-moddasi qo‘llanilib, tayinlangan jazo shartli deb hisoblandi va 2 yil sinov muddati belgilandi.

Sherzod Eshmatov, jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi,

Lola Shoimova, jurnalist.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!