Viloyatliklar uchun talon: Ekologik partiya vakili o‘zining shov-shuvli taklifiga izoh berdi

Viloyatliklar uchun talon: Ekologik partiya vakili o‘zining shov-shuvli taklifiga izoh berdi

 O‘zbekiston Ekologik partiya vakili Ulug‘bek Pirmuhammedovning Toshkentga kirish uchun viloyatliklarga talon joriy qilish taklifi internet hamjamiyati orasida katta-shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazida o‘tkazilgan navbatdagi sessiyada Toshkent propiskasi masalasi ko‘tarilgan va Ekologik partiya vakili Ulug‘bek Pirmuhammedov Toshkentga kirish uchun viloyatliklarga talon joriy qilishni taklif qilgan.

Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qizg‘in muhokamalar boshlangan.

Xususan, Jahondir Siddiqov nikli foydalanuvchi "Postlarni yanayam kupaytirib kuyib tashash kerak Toshkentga boradigan", desa, yana kimdir poytaxtga yaqin 15 yilda viza joriy etiladi, bu turishda, deya pisanda qilgan.

Aksariyat foydalanuvchilar partiya va uning vakillarini haqoratlashga o‘tgan. 

Shundan so‘ng, Ulug‘bek Pirmuhammedov XPK orqali o‘z taklifiga izoh berishga majbur bo‘ldi.

Pirmuhammedovning ta’kidlashicha, u XPK sessiyasida Ekologik partiya nomidan emas, balki mustaqil shaxs sifatida fikr bildirgan.

"<...>shaxsiy taklifimga e’tibor bersak, taklifim shundan iboratki, viloyatlardan ishlash maqsadida kelayotgan hamyurtlarimiz ma’lum bir muammolarga uchrayotgani to‘g‘risida bir qancha mavzular ko‘tarildi. Aynan Xalqaro press klub bosh prodyuseri G‘ulomjon Samadov ko‘rsatuvida hamyurtlarimizni ishlab turgan joyida profilaktika inspektorlari tomonidan jarimaga tortilayotgani to‘g‘risida fuqarolar murojaati o‘qib eshittirildi. Uch kun ichida ro‘yxatga qo‘ymasa qonuniy chora ko‘rish kerakligi to‘g‘risida aytib o‘tildi.

<...>Men ishtirokchi sifatida shaxsiy fikrimni bildirganimda, yaqinlarimiz zarurat yuzasidan ishlash maqsadida kelayotgan bo‘lishi mumkin. Ular ma’lum muddatga kelishsada, biz bu yerda ularga ro‘yxatdan o‘t deb tursak, bu odamlar uchun adolatsizlik bo‘lmaydimi?

<...>Men propiska to‘g‘risida emas, balki onlayn ro‘yxat, qulaylik va xavfsizlikni yaratish maqsadida taklif qildim. Toshkentga kelayotgan qadrdonlarimiz yashab turgan hududlaridagi inspektorlar tomonidan ro‘yxatdan o‘tishsa, Toshkentda muammolarga duch kelmasligi uchun onlayn ro‘yxat olinsa va bu ro‘yxat, ya’ni onlayn portal dasturi orqali aks etsa, PPS tomonidan ko‘chadan ushlab ketish holatlari kuzatilganda, bu dastur hamyurtlarimiz huquqini himoya qiluvchi vosita vazifasini bajarardi. Balki shunda hamyurtlarimiz noroziligiga sabab bo‘layotgan muammo qaysidir ma’noda o‘z yechimini topar edi. Taklifda qiyinchiliklarga duch kelayotgan hamyurtlarimizni kamsitish nazarda tutilmagan, balki ularning huquqini himoya qilish va ularga sharoit yaratish maqsadi bor edi. Vaholanki, hech birimizning haqqimiz yo‘q mahalliychilik qilishga, hammamiz teng huquqli fuqoromiz. Axir O‘zbekiston Respublikasida bitta yashil pasport bor. Fikrlarimni boshqacha talqin qilmaslikni so‘rar edim.", - deb o‘z so‘zlarini yakunlagan Pirmuhammedov.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!