Uchinchi reyxning bosh afsungari

A A A
Uchinchi reyxning bosh afsungari

Fashizm dunyoga hukmronlik qilishning barcha usullarini qo‘llab ko‘rdi

DUNYo xalqlari Ikkinchi jahon urushi davrida Fashizmning insoniyat boshiga keltirgan cheksiz kulfatlarini yaxshi biladi. Gitler va uning safdoshlari tomonidan sodir etilgan ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan qonxo‘rlik va yovuzliklardan ko‘zlangan yagona maqsad, dunyoga mutlaq hukmronlik qilish, butun insoniyatni manfur manfaatlar qarshisida tiz cho‘ktirishdan iborat edi. Bu yo‘lda ular, hatto ilohiy kuchlar va sehru jodulardan ham foydalanishga urinib ko‘rishdi. Mana shunday telba g‘oya asoschisi, Gitlerning eng ishonchli va yaqin safdoshlaridan biri sanalgan Genrix Gimmler nomi bilan bog‘liq ekanligini ko‘pchilik ham bilmasa kerak.

Urush yillari Sovet va  Ittifoqchi armiya orasida SS reyxsfyureri Genrix Gimmlerning o‘ta maxfiy seyfi haqida turli gap-so‘zlar yurardi. Gitler armiyasining kapitulyasiyasi oldidan uning mustahkam seyfida saqlanayotgan maxfiy hujjatlar izsiz g‘oyib bo‘ladi. To bugungi kunga qadar Fashizm kirdikorlariga bevosita aloqador bo‘lgan hujjatlarni izlab topish borasidagi barcha urinishlar hech bir samara bermadi.

Nasistlar partiyasining yetakchisi va urushning asosiy tashkilotchilaridan biri sanalgan Gimmler polisiya hamda xavfsizlik xizmati kuchlarini boshqarardi. Uning shtab kvartirasi turli yomon nomlar bilan tanilgan Vevelsburg qasrida joylashgan edi. Gimmler 30-yillarning o‘rtasidayoq qasrni egallab, uning eng chuqur yerto‘lasiga juda og‘ir seyf joyladi. Bu haqda hech bir kimsa, hatto qasr komendantlari ham xabar topishmadi. Bu ulkan seyfda reyxsfyurer reyxning maxfiy hujjatlarini saqlagan, degan taxminlar bor.

Amerika armiyasi Vevelsburg qas­riga birinchi bo‘lib kirishga shoshilar edi, bir necha kundan keyin bu yerga seyfni ochish va ichidagi barcha hujjatlarni qo‘lga kiritish uchun maxsus harbiy bo‘lim yetib keladi. Shundan so‘ng AQSh razvedkasi tomonidan mazkur operasiya izlari butunlay o‘chirib tashlanadi. Jumladan, unda qatnashgan askarlar ro‘yxati va seyfda saqlanib kelgan barcha materiallar butkul yo‘q qilindi. Lekin bu hodisani tarixdan o‘chirib tashlashning uddasidan chiqa olishmadi. SS reyxsfyurerining seyfidagi maxfiy hujjatga bo‘lgan qiziqishlar va uning atrofidagi turli gap-so‘zlar yillar davomida oshsa oshdiki, so‘nay demadi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Gimmler qadimiy Vevelsburg qasrining yerto‘lasida afsungarlik ilmi bo‘yicha tadqiqot olib borgan. Tadqiqot natijalarini esa barchadan sir saqlagan holda temir seyfida saqlab kelgan.

Aytishlaricha, Genrix Gimmler ashaddiy nasistlardan bo‘lib, uning fikru xayolini SS askarlarini sehr-jodu vositasida “Engib bo‘lmas kuch”ga aylantirishdek telbanoma maqsad butunlay egallab olgan edi. Shu sababli ko‘hna qasrni turli afsungarlik tadqiqotlari va marosimlari o‘tkaziladigan o‘zining g‘oyaviy maktabiga aylantiradi. Shuningdek, Fashistlar yetakchisining aqldan ozgan safdoshida Vevelsburgni dunyoning markaziga aylantirish orzusi ham yo‘q emas edi. SS rahbariga uning sarob orzu-xayollari haqida biror bir ma’lumot yetkazishga hech kimning haddi sig‘masdi. Gitlerning shotirlaridan hech qaysisi “Vevelsburg jodugari” bilan munosabatlarini buzishni ham istamas edi-da. Gimmlerning telbaligi esa borgan sari ortib borardi. Jumladan, u tez-tez qo‘l ostidagi bosh ofiserlarni maxsus majlislar zaliga yig‘ar va so‘roq qilinayotgan asirlar ruhiyatiga ta’sir o‘tkazish uchun meditasiya bilan shug‘ullanishga majbur qilardi. Amerikaliklar tomonidan yo‘q qilingan Reyxsfyurerning maxfiy seyfida nasistlarning afsun duolari va o‘tkazilgan “O‘lim marosimlari” ssenariysi ham saqlangan bo‘lishi mumkin, degan taxminlar yo‘q emas.

Yana bir boshqa taxminlarga ko‘ra, Gimmler bejizga o‘zining jodugarlik maktabi uchun Vevelsburg qasrini tanlamagan. Chunki mahalliy xalq og‘zaki rivoyatida aytilishicha, Vevelsburg o‘rnida qachonlardir Rim hukmronligiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targan va ozchilik askarlar bilan mutlaq g‘alabaga erishgan qadimiy Saksan imperiya­si joylashgan ekan. Qo‘lga kiritilgan g‘alabada yerlik afsungarlarning duosi alohida ahamiyat kasb etgan emish.

Umuman olganda, nasistlar qadimiy german tarixini o‘zlari istaganicha yasashga va diniy e’tiqodilarini yangicha tiklashga harakat qilishardi. Vevelsburg mahzabparastlari o‘zlari yaratgan G‘arb va Sharq o‘rtasidagi azaliy buyuk kurash haqidagi uydirmalarini nemis askarlarining miyasiga quyishgan edi.

Gimmler o‘z agentlarini dunyoning turli burchaklariga qadimiy sehrgarlik artefaktlarini qidirib topish uchun safarbar qilardi. Shuningdek, SS armiyasi yengilmas qudratli bo‘lishi uchun turli maxsus marosimlar tashkillashtirar va qo‘l ostidagi kishilarga quyoshga topinish bayramlarini nishonlashga buyruq berardi. Reyxsfyurer uchun otashparastlikmi, butparstlikmi yoki boshqa diniy qarashmi farqi yo‘q, asosiysi uning maqsadiga xizmat qilsa bo‘ldi edi.

O‘zining qimmatli seyfini olishga ham ulgurmay qochishga uringan Genrix Gimmler Britaniya armiyasi tomonidan asir olinadi. Amerika armiyasi esa uning sirli seyfini qo‘lga kiritadi. Gimmler qamoqxonada o‘z joniga qasd qilib, o‘lim topadi. Uning Vevelsburg­ni dunyoning markaziga aylantirish haqidagi orzusi va Gitler armiyasini “Engilmas armiya” qilish kabi urinishlari xom xayolligicha qolib ketdi. Vevelsburg qasriga kelsak, u bugungi kunda o‘lkashunoslik muzeyi sifatida dunyoning turli burchagidan kelgan sayyohlarga xizmat qilmoqda.

Shu o‘rinda Gitlerning shaxsan o‘zi butun dunyoga hukmronlik qilish orzusini amalga oshirishda sehr-jodu va ilohiy kuchlarga alohida umid bog‘laganini aytib o‘tish joiz, deb o‘ylayman. Jumladan, uning afsonaviy Shambalani topish borasidagi sa’y-harakatlari va Tibetga safarbar qilingan ekspedisiyasi tub zamirida aynan mana shu g‘araz maqsad bor edi. Gitler va Gimmler Tibet astrologlari bilan maslahatlashmay turib, birorta muhim harbiy yoki siyosiy qaror qabul qilmaganligi ham ularning sehr-joduga o‘zgacha ehtiromidan dalolat beradi.

Rus tilidan “Inson va qonun” muxbiri Farida QORAQULOVA tarjimasi.

Manba AiF


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!