Tramp 2024 yilgi saylovlarda qatnashishga tayyorgarlik ko‘rmoqda va buni e’lon qilishni 20 yanvarga mo‘ljallamoqda

Tramp 2024 yilgi saylovlarda qatnashishga tayyorgarlik ko‘rmoqda va buni e’lon qilishni 20 yanvarga mo‘ljallamoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp 2024 yilgi prezident saylovlarida o‘z nomzodini ilgari surish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda va 20 yanvar — yangi prezidentning inaugurasiyasi kuni shu bilan bog‘liq tadbir o‘tkazishi mumkin. 

Nashrning uchta manbasi ma’lum qilishicha, prezident o‘z maslahatchilari bilan suhbatlarida to‘rt yildan keyingi saylovlardagi ishtiroki haqida gapiribgina qolmay, kampaniyani ishga tushirish tafsilotlarini ham muhokama qilmoqda.

Ikkita manba so‘zlariga ko‘ra, prezident inaugurasiya bo‘lib o‘tadigan haftada, ehtimol, hatto inaugurasiya kuni 2024 yilgi saylovlarga aloqador tadbir o‘tkazish fikrini ham bayon qilgan.

O‘z navbatida The Washington Post gazetasi Tramp yil oxirigacha kelasi prezident poygasida qatnashish niyati haqida e’lon qilishi mumkinligi haqida bir hafta avval yozgandi. Bu haqda, nashr ma’lumotlari bo‘yicha, prezident o‘zining ishonchli shaxslariga ma’lum qilgan.

Yangi saylovlar boshlanguniga qadar Trampning oldida daromad olish vazifasi turadi, deb yozadi nashr. The Washington Post ma’lumotlariga qaraganda, prezident pulli asosda nutq so‘zlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda, shuningdek, o‘zining prezidentlik davri haqidagi memuarlarini yozishga va televideniyeda chiqishga urinib ko‘rishi mumkin. Gazeta yozishicha, Trampga bosim o‘tkazilmoqda, chunki kelasi to‘rt yil mobaynida u kreditlar bo‘yicha 400 million dollar to‘lashi kerak, bundan tashqari, bir qator da’volar bo‘yicha katta sud xarajatlarini ham to‘lashi mumkin.

Noyabr boshida Axios nashri Tramp 2024 yilgi saylovda o‘z nomzodini ilgari surishni ko‘zlayotgani haqida yozgan edi. Bu respublikachi siyosiy maslahatchilarning xavotirlanishiga sabab bo‘lmoqda, chunki Tramp nomzodini qo‘ysa, partiyadan chiqadigan boshqa nomzodlarni imkoniyatsiz qoldirishi mumkin. Axios yozishicha, hatto mag‘lubiyatga uchraganini hisobga olganda ham, amaldagi prezidentning kelasi saylovlarda partiyadan ilgari surilishi ehtimoli baribir yuqori.

Politico nashri va Morning Consult o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 2024 yilda praymerizda 53 foiz respublikachilar Trampni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardi. Vise-prezident Mayk Pens 12 foizga ovozga ega bo‘lgan bo‘lardi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp raqibi, Demokratlar partiyasidan nomzod Jo Bayden saylovchilar (saylov hay’ati a’zolari)ning ko‘pchilik ovozini qo‘lga kiritsa, Oq uyni tark etishini ma’lum qilgan edi. Ayni vaqtda Tramp, uning fikricha, saylovlar qalbakilashtirilganini yana bir marta ta’kidladi va saylov hay’ati a’zolarining Baydenga ovoz berishi katta xato bo‘lishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, AQShda prezidentlik saylovi 2020 yilning 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi, ovozlar bir necha kun davomida hisoblab chiqildi, 7 noyabr kuni AQShning yirik OAVlari saylovda Bayden g‘alaba qozonganini ma’lum qildi. Donald Tramp esa mag‘lubiyatni tan olmadi va saylov bo‘yicha sudga murojaat qilishini bildirdi. U saylovlar qonunbuzarliklar bilan o‘tgan degan fikrda, shuningdek, saylovlarda mamlakat konstitusiyasi buzilganini aytgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!