«Temurbeklar maktabi»ga kirish imtihonlari qachon o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi

«Temurbeklar maktabi»ga kirish imtihonlari qachon o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi

16 sentyabr kuni Mudofaa vazirligiga qarashli «Temurbeklar maktabi»ga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.

Bo‘lib o‘tadigan test imtihonlarini shaffofligini ta’minlash maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan karantin qoidalariga rioya qilingan holda barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, joriy yilgi imtihonlar koronavirus pandemiyasi sabab abituriyentlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida stadion va sport majmualarida o‘tkazilishi belgilangan. Xususan, «Temurbeklar maktabi»ga kirish imtihonlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan bo‘lgan abituriyentlar uchun poytaxtimizdagi «Ashxobod sayilgohi»da o‘tkaziladi.

Imtihonlar ikki smenada — soat 08:00 va 16:00 da bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari, abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida imtihonlar har bir nomzodning o‘z viloyatida o‘tkaziladi. Quyida «Temurbeklar maktabi» uchun har bir viloyatida o‘tkaziladigan imtihon manzillari keltirilgan:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi — «Turon» markaziy stadionida;
  • Andijon — Sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi asosiy stadioni 1A-bino;
  • Namangan — «Navbahor-umid» stadioni;
  • Farg‘ona — Farg‘ona davlat universiteti stadioni;
  • Buxoro — «Buxoro» sport majmuasi stadioni;
  • Xorazm — «Xorazm» sport majmuasi;
  • Surxondaryo — Termiz ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internati futbol maydoni;
  • Qashqadaryo — «Nasaf» futbol klubi mashg‘ulotlar maydoni;
  • Jizzax — «So‘g‘diyona» markaziy o‘yingohi futbol maydoni;
  • Navoiy — «Kimyogar» o‘yingohi;
  • Sirdaryo — Guliston shahri markaziy o‘yingohi;
  • Samarqand — «Lokomotiv» futbol stadioni hamda «Nurafshon» futbol stadionida o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda O‘zbekiston Respublikas Prezidenti «O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan edi.

Unga ko‘ra, harbiy-akademik liseylarda o‘qish davomiyligi ikki yil bo‘lib, har biriga yillik qabul kvotasi 100 kishini tashkil etadi.

«Temurbeklar maktabi» bitiruvchilari oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘plagan ballarining 30 foizi, respublikaning boshqa oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda esa 15 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyozga ega bo‘ladi.

«Temurbeklar maktabi»ni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilar tarkibida ushbu maktab bo‘lgan vazirlik va idoralarning tegishliligi bo‘yicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarsiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlarini muvaffaqiyatli o‘tash natijalari bo‘yicha kiradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!