Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasining raqamli onlayn platformasi ishga tushirildi

Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasining raqamli onlayn platformasi ishga tushirildi

Joriy yilning 1 oktyabridan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasining raqamli onlayn platformasi ishga tushirildi.

Vazirlik matbuot xizmati ma’lum qilishicha, ushbu platformadan foydalangan holda iste’molchilar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini 3 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilishi mumkin.

Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari narxini to‘liq to‘lagan iste’molchini xarid qilgan xarajatlarining bir qismi jamg‘arma hisobidan qoplanadi. Aholi tovar va ishlab chiqaruvchini tanlash huquqi bilan jamg‘armaning https://energymarket.uz/ onlayn platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tish va xarid qilish uchun ariza topshirish imkoniyatiga ega.

Jamg‘arma “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki, «Ipoteka-bank» aksiyadorlik tijorat ipoteka banki, “Xalq banki” aksiyadorlik tijorat xalq banki va “Sanoat qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki bilan energiya tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida uskunalar xarid qilish uchun yashil iste’mol kreditlari berish to‘g‘risida shartnomalar imzolagan.

Ayni kunda platforma test rejimida ishlamoqda. Ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning takliflarini to‘ldirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, onlayn platforma Prezidentimizning 2022 yil 9 sentyabrdagi “energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida amalga oshirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!