Rasmiy munosabat! Milliy gvardiya xodimlari surxondaryolik ayolning o‘g‘lini kaltaklagani rostmi?

Rasmiy munosabat! Milliy gvardiya xodimlari surxondaryolik ayolning o‘g‘lini kaltaklagani rostmi?

Ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda Milliy gvardiyachimiz deganlar o‘g‘limni kaltakladi, IIB xodimlari tomoshabin bo‘lib turdi sarlavhasi bilan tarqatilgan maqolaga Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan oydinlik kiritildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi yozmoqda.

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida, 2018 yilning 9 dekabr kuni Angor tumani Yangi turmush mahallasi aholisidan IIB navbatchilik qismidagi 102 telefoniga, Sho‘rchi tumanida yashovchi Sanjar ismli shaxs mast holda uyiga kirib, janjal qilayotgani va qo‘shnilarni tinchini buzayotgani haqida xabar kelib tushadi. Voqea joyiga ushbu hududda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektori yuboriladi. Profilaktika inspektori tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida Sho‘rchi tumani Alisher Navoiy mahallasida yashovchi fuqaro Sanjar Jumayev o‘z ko‘rsatmasida 2018 yil 8 dekabr kuni soat 12.00 larda Angor tumani Qadimiy-Angor mahallasida yashovchi xolasining uyiga qurilish ishlariga yordam berish uchun kelganligini, ishlarni tugatib, ovqatlanish vaqtida spirtli ichimlik is’temol qilganligini, keyin mast holatda fuqaro J.Nazarqulovning uyiga kirib borganligini, fuqaro J.Nazarqulov esa uni qo‘li bilan urib tan jarohati yetkazganligini ma’lum qilgan.

Angor tumani Tibbiyot birlashmasining 2018 yil 9 dekabr kunidagi dalolatnomasida fuqaro S.Jumayev alkogol mastlik holatida bo‘lganligi qayd etilgan.

Surxondaryo viloyat sud-tibbiy ekspertiza byurosining 2018 yil 20 dekabrdagi ekspertiza xulosasida, fuqaro S.Jumayevda bir qancha tan jarohatlari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Angor tumani prokuraturasi tomonidan ichki ishlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan va xizmat tekshiruvi o‘tkazish belgilangan. Natijada xodimlarning xatti-harakatlarida qonun buzish holatlari aniqlanmagan va ushbu holatda Milliy gvardiya xodimlari bo‘lmaganligi aniqlangan. Fuqaro S.Jumayev IIBga bergan ko‘rsatmasida ham biror marta Milliy gvardiya xodimlari to‘g‘risida gapirmaganligini ma’lum qildi.

Bugungi kunda S.Jumayevning tan jarohati olishi, unga tegishli avtomashinaga texnik shikast yetkazilganligi yuzasidan aybdorlarni aniqlash maqsadida, Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan 2019 yilning 13 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Angor tumani prokuraturasiga yuborilgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha ichki ishlar xodimlarining harakatiga huquqiy baho berish uchun Angor tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!