Qaysi toifadagi pensionerlar yer solig‘idan ozod qilingan?

Qaysi toifadagi pensionerlar yer solig‘idan ozod qilingan?

Soliq qodeksining 436-moddasiga asosan jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘idan quyidagilar ozod qilinadi:

* urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan ularga tenglashtirilgan shaxslar. Mazkur imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari bo‘limining yoxud boshqa vakolatli idoranning ma’lumotnomasi asosida, boshqa nogironlarga (qatnashchilarga) esa nogironning (qatnashchining) imtiyozlarga bo‘lgan huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma asosida beriladi;

* I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi;

* yolg‘iz pensionerlar. Yolg‘iz yoki voyaga yetmagan bolalari bilan yoxud nogiron bolasi bilan birga alohida uyda yashovchi pensionerlar yolg‘iz pensionerlar deb tushuniladi. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining ma’lumotnomasi, shuningdek o‘zini-o‘zi boshqarish idoralarining ma’lumotnomasi asosida beriladi;

* boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar. Ota-onasidan biri yoki ota-onasi vafot etgan hamda oilada o‘n olti yoshga to‘lmagan beshta va undan ortiq bolalari bo‘lgan oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalardir. Mazkur imtiyoz Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining ma’lumotnomasi asosida beriladi;

*Chernobil AES (Atom elektr stansiyasi)dagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlik uchun imtiyozlar oladigan fuqarolar (shu jumladan, vaqtincha yuborilgan yoki xizmat safariga yuborilgan) fuqarolar. Mazkur imtiyoz tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi, nogironligi bo‘lgan shaxsning maxsus guvohnomasi, Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatish ishtirokchisining guvohnomasi, shuningdek, vakolatli organlar tomonidan berilgan va imtiyozlar berish uchun asos bo‘ladigan boshqa hujjatlar asosida beriladi;

2020 yil 1 iyul holatiga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining hududiy tuman (shahar) bo‘limlarida hisobga olingan pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3 758,5 ming nafarni tashkil qilgan holda ulardan 550,0 ming nafardan ortig‘i yer solig‘i bo‘yicha imtiyozdan foydalanmoqda.

Savolga Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mas’ul xodimi javob berdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!