Qashqadaryoda yana ikkita nodavlat bog‘cha kredit ololmagani sababli yopildi

Qashqadaryoda yana ikkita nodavlat bog‘cha kredit ololmagani sababli yopildi

Chiroqchi tumanining Uymovut qishlog‘ida joylashgan Bolalar bizning kelajagimiz nomli nodavlat bog‘cha tashkil qilgan tadbirkor kredit ololmagani sababli bog‘cha faoliyatini to‘xtatdi. Tumanning Annaro‘z qishlog‘ida joylashgan Annaro‘z g‘unchalari nodavlat bog‘chasi esa ochilgan kuniyoq yopilgan. Bu haqda Turon24 ga Bolalar bizning kelajagimiz nodavlat bog‘chasi rahbari Dilorom Tursunova ma’lum qilmoqda.

Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Zulfiya Ergashevaga tuman hokimi nodavlat bog‘cha och, agar kimdir ochmasa o‘zing ochasan deb topshiriq bergan ekan, deydi nodavlat bog‘cha rahbari Dilorom Tursunova. Zulfiya Ergasheva, Mansur Rahmonov va 1-bog‘cha mudiri Hilola Xudoyberdiyevalar kelib menga Bog‘cha ochsangiz kredit beriladi, biz sizga homiylik qilamiz deyishdi. Shundan so‘ng men ham ularga ishonib, tayyorgarlikni boshlab yubordim. Yashab turgan uyimizni qayta jihozlab, 2018 yilning 1 aprel kuni nodavlat bog‘cha ochdik. Televideniyedan ko‘rsatishdi, tuman mas’ullari nodavlat bog‘cha ochildi deb hisobot topshirishdi. Bog‘chamiz 5 oy ishladi. So‘ngra yopishga majbur bo‘ldik. Kredit berishmadi-da .

Dilorom Tursunova nodavlat bog‘cha ochaman deb murojaat qilgandi, deydi Chiroqchi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limining sobiq mudiri Zulfiya Ergasheva. So‘ngra Dilorom Tursunovaga to‘g‘ri tushuntirish berib, sizda savdo ishlari va go‘zallik saloni bor ekan, loyihangiz nodavlat bog‘cha ochishga to‘g‘ri kelmaydi deb tushuntirganimdan so‘ng, to‘g‘ri tushunib qaytib ketgandi. Keyin tuman hokimligi va viloyat maktabagacha ta’lim boshqarmasidan bizga uyma-uy kirib, nodavlat bog‘cha ochinglar deb aytib chiqasizlar deb topshiriq berishdi. Boshqarma boshlig‘i har bir mudirga bog‘cha ochasan deb topshiriq berdi. Shunda tumandagi 1-MTM mudiri Hilola Xudoyberdiyeva bilan birga Dilorom opaning yoniga borib, to‘g‘ri tushuntirish berdik. Bog‘cha ochishiga ko‘maklashdik .

Aniqlanishicha, Dilorom Tursunova rahbarligidagi nodavlat bog‘cha 50 o‘rinli bo‘lib, har bir bola uchun 60 ming so‘mdan to‘lov belgilangan. Nodavlat bog‘chada 8 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Dilorom Tursunovaning ma’lumot berishicha, u tuman hokimligi va maktabgacha ta’lim bo‘limi mas’ullarining gapiga ishonib, bog‘cha ochish uchun sharoit hozirlash maqsadida 10-15 ta qoramolini ham sotib xarj qilgan.

Uyimdagi 15 ta qoramolimni ham sotdim, maktabdan olayotgan oyliklarimni ham sarfladim, deydi Dilorom Tursunova. Oching, kredit beradi deyishsa ishonibman-da. Bugungi kunda xonavayron bo‘lib o‘tiribman. Birov kelib holimni so‘ramayapti. Haligacha soliqdan qarzdorlik to‘g‘risida xat kelayapti. Kimga dodimni aytishni bilmayapman .

Hozirgi kunda Dilorom Tursunova rahbarligidagi nodavlat bog‘cha yopilgani rost, deydi hozir tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri vazifasini bajaruvchi Mansur Rahmonov. Ammo nodavlat bog‘cha turarjoyda joylashganligi sababli kredit berilmadi. Tadbirkor kredit olishi uchun uyini noturarjoyga o‘zgartirishi kerak ekan. Talab bajarilmagach, kredit berilmadi .

Chiroqchi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbarining ma’lum qilishicha, tumanda ayni kunda 6 ta nodavlat bog‘cha faoliyat yuritmoqda. Boshqarma vakillari esa tuman vakillari aytgan ko‘rsatkichdan farqli o‘laroq tumanda 14 ta nodavlat bog‘cha faoliyat yuritayapti deyishdi.

Dilorom Tursunovaning aytishicha, bog‘cha ochilishida tuman hokimi Rustam Jo‘raqobilov ham ishtirok etib, tadbirkorni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Tuman hokimining shaxsan o‘zi opa, biz sizni qo‘llab-quvvatlaymiz degandi, deydi Dilorom Tursunova. Har tomonlama imkoniyat yaratib berishini bildirgandi. Bugungi kunda esa meni eshitishni ham istamayapti. Tuman hokimligiga borsam, hokim yo‘q deb qaytarib yuborishadi. Hokimiyatning o‘ziga 3 marta murojaat qilganman. Ammo haligacha javob yo‘q .

Aniqlanishicha, viloyatda hozir 272 ta nodavlat bog‘cha faoliyat ko‘rsatmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!