NAFS IZMIDAGI FIRIBGARLAR SUDDA QONUNIY JAZOLANDI

NAFS IZMIDAGI FIRIBGARLAR SUDDA QONUNIY JAZOLANDI

Hayotda ayrim kishilar jinoyat yoki huquqbuzarlikka qo‘l urishadi-yu, so‘ng tergov yoki sud jarayonida “Men buning noqonuniy qilmish ekanini bilmas edim” deya vaj keltirishadi. Ammo qonunni bilmaslik shaxsni javobgarlikdan ozod qilmaydi. Ustiga ustak kasbi huquqshunos bo‘lgan kimsa jinoyat sodir etsa, buni qanday izohlash mumkin?

Uchko‘prik tumanida yashovchi Olmosxo‘ja Asqarov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) ayni paytda 70 yoshda. U 1994-2000 yillarda nufuzli davlat idorasida huquqshunos lavozimida faoliyat yuritgan. Shu bois O. Asqarov yaqingacha ham ko‘pchilik havas qilgudek obro‘-e’tiborga ega edi.

Biroq nafs qutqusiga uchgan O. Asqarov firibgarlik ko‘chasiga qadam qo‘ydi. U Uchko‘prik tumani Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limiga qarindoshiga tegishli savdo do‘konining kadastr hujjatlarini tayyorlash uchun borgan Olim Dehqonovga shu idorada ishlashini aytib, o‘z yordamini taklif qiladi. So‘ngra savdo do‘koni uchun kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 1 000 AQSh dollari berishni so‘raydi.

Qolaversa, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 500 ming so‘m to‘lov qilish lozimligini ham ta’kidlaydi. Tumandan viloyat markaziga borib kelish uchun 60 ming so‘m yo‘lkira zarurligini ham aytib o‘tadi. Uning taklifiga rozi bo‘lgan O. Dehqonov O. Asqarovga 560 ming so‘m beradi. Shundan so‘ng O. Dehqonov qarindoshiga O. Asqarovning talabini yetkazadi. Ammo qarindoshi unga nafaqat pora olish, balki pora berish ham noqonuniy qilmish ekanini tushuntiradi.

Qisqasi, O. Asqarovning xatti-harakatlari qonunga zid ekanini anglab yetgan O. Dehqonov unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qo‘qon shahar bo‘limiga ariza bilan murojaat etadi. Ushbu murojaat asosida o‘tkazilgan tezkor tadbirda O. Asqarov 1 000 AQSh dollarini pora sifatida olayotgan vaqtida qo‘lga olinadi.

Buni qarangki, ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgan paytda O. Asqarovning yana bir qilmishi fosh etiladi.

Aniqlanishicha, sobiq huquqshunos tanishi Sa’dulla Yondoshev bilan birga fuqaro Po‘lat Risqulov va Oybek Yo‘ldoshevni ham chuv tushirgan ekan.

Ya’ni S. Yondoshev P. Risqulov va O. Yo‘ldoshevni bog‘dorchilik uchun 5 gektardan yer olib berish uchun O. Asqarov bilan uchrashtiradi. O. Asqarov ularga har bir gektar yer hisobiga 3 000 AQSh dollari miqdorida “xarajat” qilish zarurligini bildiradi.

Shundan so‘ng S. Yondoshev P. Risqulovdan 15 ming, O. Yo‘ldoshevdan 10 ming 600 AQSh dollari olib, O. Asqarovga beradi. Hamtovoqlar “mijoz”larining ishonchini qozonish uchun viloyat hokimligida ishlaydigan mansabdor shaxs ularning ishi bilan jiddiy shug‘ullanayotganini qayta-qayta ta’kidlashadi.

Lekin oradan bir yil o‘tsa-da, va’da qilingan ish bitmaydi. Bu vaqtda hamtovoqlar pora sifatida olingan mablag‘ni o‘rtada taqsimlab, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborishadi. Oxir-oqibat toqati-toq bo‘lgan jabrlanuvchilar huquqni muhofaza qiluvchi idoraga murojaat etishadi.

Albatta, ushbu firibgarlik bo‘yicha ham O. Asqarov va S. Yondoshevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Yaqinda ushbu jinoyat ishlari sudda ko‘rib chiqildi. Sud O. Asqarovni Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan aybdor deb topib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 70 baravari miqdorida jarima jazosini tayinladi. Uning sherigi S. Yondoshev bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima jazosiga tortildi.

Shu tariqa nafs izmiga asir bo‘lgan sobiq huquqshunos O. Asqarov va uning hamtovog‘i qonuniy jazolandi. Lekin jabrlanuvchilarning xatti-harakatini ham oqlab bo‘lmaydi. Chunki muammoni qonuniy hal etish o‘rniga “hojatbaror”lar xizmatidan foydalanishni ma’qul ko‘rgani uchun pirovardida firibgarlarga chuv tushishganiga ularning o‘zi aybdor. Agar ular qonun talablariga rioya etishganida hech qanday muammoga o‘rin qolmas edi.

Po‘latjon MAMATUSMONOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Qo‘qon shahar sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!