Shaxmat: Biloliddin Obidov Batumida jahon chempionligiga erishdi

Shaxmat: Biloliddin Obidov Batumida jahon chempionligiga erishdi

Gruziyaning Batumi shahrida 8-12 yoshli shaxmatchilar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatining so‘nggi kuni mamlakatimiz vakillari uchun omadli bo‘ldi.

Oltita yosh toifasida sovrindorlikka nomzodlar qatorida mamlakatimizning ikki nafar vakili kurash olib borgani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

12 yoshlilarning “A” guruhida yetakchilikka erishgan iste’dodli shaxmatchimiz Biloliddin Obidov jahon chempionligi uchun xitoylik Xaomin Ku bilan kurash olib borli.

Da’vogarlar o‘rtasida o‘tkazilgan ilk o‘yinda hamyurtimiz xitoylik shaxmatchini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, kecha qora donalarda harakatlangan hamyurtimiz raqibi bilan g‘alabaga teng durang natijani qayd etdi va 12 yoshlilar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi.

Shuningdek, 10 yoshli qizlar o‘rtasidagi bahslar sarhisobiga ko‘ra, mahoratli shaxmatchi qizlarimizdan biri Husnoraxon Husniddinova yarim final ostonasigacha yetib kelib, bronza medali uchun kechgan musobaqada FIDE bayrog‘i ostida ishtirok etgan Angelina Vlad Ambarsumyan bilan kuch sinashdi.

Ushbu bahsning ilk partiyasida hamyurtimiz qora donalarda raqibini taslim etdi. Kecha o‘tkazilgan ikkinchi partiyadagi durang esa 10 yoshli shaxmatchi qizimizga jahon chempionatining bronza medalini tuhfa etdi.

40 ga yaqin mamlakatning 300 nafarga yaqin yosh “aql gimnastikasi” sohiblari o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik shaxmatchilar 1 ta oltin, 1 ta bronza medaliga musharraf bo‘lishi Rustam Qosimjonov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev kabi professionallarimizning munosib izdoshlari kamolga yetayotganini ko‘rsatdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!