Vladimir Putin SHHT sammitida ishtirok etish uchun Ostonaga keldi

Vladimir Putin SHHT sammitida ishtirok etish uchun Ostonaga keldi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitida ishtirok etish uchun Ostonaga keldi. Aeroportda Vladimir Putinni Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov kutib oldi. Bu haqda Sputnik Qozog‘iston hukumat matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Putin ertaga boshlanadigan tashkilot sammitida ishtirok etadi. Bugun esa Ostonaga kelgan va kelayotgan davlat rahbarlari ikki tomonlama muzokaralar olib boradi. Rossiya yetakchisi Qozog‘iston, Xitoy, Turkiya, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon yetakchilari va Pokiston bosh vaziri bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Qayd etilishicha, Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi ham Ostonaga yetib kelgan.

Sammitda tashkilotga a’zo davlatlar, shuningdek, SHHTdagi hamkor va kuzatuvchi davlatlar rahbarlari ishtirok etadi. Bu galgi sammit boshqalaridan tashkilotga yangi ishtirokchi – Belarus Respublikasi kelishi bilan ajralib turadi. Aleksandr Lukashenko tashkilotga a’zo bo‘lish istagini ikki yil avval ma’lum qilgan va Ostonadagi sammit Belarus uchun yangi maqomdagi birinchi sammit bo‘ladi.

Qozog‘iston yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Ostonadagi sammitda o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olinadi, mavjud chaqiriq va tahdidlarga adekvat va o‘z vaqtida javob berish tashabbuslari ishlab chiqiladi.

Demak, 3-4 iyul kunlari SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va faoliyatini takomillashtirish holati va istiqbollarini muhokama qilishadi. Xalqaro va mintaqaviy dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashiladi. Aniqlik kiritilishicha, uchrashuv yakunlari bo‘yicha Ostona deklarasiyasi va boshqa qo‘shma hujjatlar imzolanadi.

SHHTga 2001 yilda oltita davlat – Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan asos solingan. Keyinchalik ittifoqqa Eron, Hindiston va Pokiston qo‘shildi. Kuzatuvchi davlatlar: Afg‘oniston, Belarus va Mo‘g‘uliston. Hamkor davlatlar: Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, BAA, Turkiya va Shri-Lanka.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!