DXX Toshkent viloyatining Qozog‘iston bilan chegara hududida 310 metrli noqonuniy tunnelni aniqladi

DXX Toshkent viloyatining Qozog‘iston bilan chegara hududida 310 metrli noqonuniy tunnelni aniqladi

Qayd etilishicha, DXX xodimlari Chegara qo‘shinlari va “Toshkent-Aero” IBK harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan. Tadbirda Hindistondan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga katta miqdordagi, sifati kafolatlanmagan dori vositalarini noqonuniy olib kelish bilan shug‘ullangan transchegaraviy jinoiy guruh faoliyati fosh etilgan.

Xususan, jinoiy guruh tomonidan navbatdagi dori vositalari Dehli—Toshkent—Olmaota aviayo‘nalishi orqali tranzit tarzda “Olmaota” xalqaro aeroportiga olib kelinib, Qozog‘istonning Turkiston viloyati Sariyog‘och tumani “Do‘stlik” aholi yashash punktiga yetkazilgan va yashirin yerosti yo‘li orqali Toshkent viloyatining Toshkent tumani “O‘rikzor” MFY hududiga o‘tkazilgan.

Tezkor tadbir davomida jinoiy guruh a’zolaridan jami 1 milliard 94 million so‘mlik Hindistonda ishlab chiqarilgan Albumin, Remdesivir, Meropenem kabi jami 107 nomdagi 17 048 dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Ta’kidlanishicha, 49 yoshli fuqaroning Toshkent tumani “O‘rikzor” MFYdagi uyini Qozog‘istonning Sariyog‘och tumani “Do‘stlik” aholi yashash punkti bilan bog‘lovchi yerosti yo‘lining uzunligi 310 metrni tashkil etadi. Yerosti yo‘li havo ventilyasiyasi, yoritish tizimi, yuklarni tashishga mo‘ljallangan aravalar va arqonlar bilan jihozlangan.

Hozirda holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil may oyida Qorasuv tumanida Qirg‘iziston va O‘zbekistonni yerosti yo‘li orqali bog‘lab turuvchi tunnel topilgani xabar qilingandi.

Ushbu tunnel aniqlangan hudud egasi Jalolobod tumanining “Qiziljar” posyolkasidagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanayotgani sabab unga nisbatan qayta tibbiy tekshiruv o‘tkazish rejalashtirilgan.

7 iyun kuni ham Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlari tomonidan O‘zbekiston bilan chegarada 155 metrlik yerosti tunneli aniqlangan. 13 iyun kuni esa uchinchi tunnel ham topilgan.

U orqali Qirg‘izistondan O‘zbekistonga valyuta va tovarlar olib o‘tish rejalashtirilgan.

Qirg‘iziston tomonining ma’lum qilishicha, hozirda tergov davom etmoqda. O‘zbekiston tomoni esa yashirin tunnellar qazigan shaxslarga sud hukmi o‘qilgani haqida xabar bergandi.

Ularga 6 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!