Jahongir Ortiqxo‘jayev: «O‘zbekistondagi bankka 10 ming dollar qo‘yadigan xorijlik investorni quchoq ochib kutib olaman»

Jahongir Ortiqxo‘jayev: «O‘zbekistondagi bankka 10 ming dollar qo‘yadigan xorijlik investorni quchoq ochib kutib olaman»

Xalqaro Press klubning navbatdagi sessiyasida Toshkent shahriga investorlarni jalb qilish masalasi va prezidentning 15 avgust kuni qabul qilingan «Toshkent shahrida investisiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni muhokama etildi.

Tadbirda Toshkent shahar hokimiyati, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat Bojxona qo‘mitasi vakillari, jurnalistlar, ekspertlar ishtirok etishdi. Unda Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchisi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«O‘zbekistonga investisiya kiritish niyatida bo‘lgan xorij investori yurtimiz banklariga 10 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ qo‘ysa, men o‘sha tadbirkorga faoliyat olib borishi uchun barcha sharoitlarni yaratib beraman, muammosini hal qilishga amaliy yordam beraman», deya hokimning so‘zlarini keltiradi «Kun.uz» muxbiri.

Shu bilan bir qatorda, hokim Toshkent shahrida qulay investision muhitni yaratish maqsadida qabul qilingan prezident farmoni, unda belgilangan vazifalar to‘g‘risida ham aytib o‘tgan. Jumladan, investorlarni olib kelishda Toshkent shahar hokimiyatiga keng vakolatlar berilgan. Ushbu organ shahar hududida bo‘sh yotgan yerlarni investorlarga rasmiylashtirish va xususiylashtirish vakolatiga ega bo‘lgan. Endilikda, investorlar foydalanilmayotgan binolar, ularning bahosi va boshqa qo‘shimcha ma’lumotlarni hokimiyatdan olishlari mumkin. Yaratilgan qulaylik investorlar oqimini kuchaytirishi kutilmoqda. Poytaxtda joriy etilgan tajriba o‘z samarasini bersa, boshqa viloyatlarga ham tatbiq etilishi mumkin.

Sessiyada Ortiqxo‘jayev yana bir muhim masalalardan biri – daraxtlarning kesilishi bo‘yicha aholi orasida uyg‘ongan norozilik kayfiyati haqida alohida to‘xtaldi.

«Hozirgi paytda daraxtlarning kesilishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlar oqimi yuzaga kelmoqda. Hukumat tomonidan daraxtlar kesilmoqda. Odamlar buni to‘g‘ri tushunmay salbiy munosabat bildirishyapti. Ushbu harakatni amalga oshirilishiga bir qancha omillar sabab bo‘lgan. Birinchidan, kasallangan daraxtlar kesilmoqda. O‘rniga yangi, sog‘lom nihol ekilyapti. Ikkinchidan, daraxtlar kesilishiga sabab bo‘layotgan jihat – shahar aholisining ko‘payishidir. Demografik jarayon jadallashib ketayotgan bir paytda odamlarga turar joylar qurish kerak. Buning uchun yer ajratish kerak. Shu maqsadda daraxtlar kesilyapti. Vaziyat har tomonlama to‘g‘ri tahlil qilinsa, o‘zaro tushunmovchiliklarga barham bergan bo‘lardik», degan shahar hokimi.

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!