Jahon bozorida bug‘doy va guruchning narxi keskin oshdi

Jahon bozorida bug‘doy va guruchning narxi keskin oshdi

“The Wall Street Journal” nashrining yozishicha, Chikago savdo birjasida bug‘doy narxi 15 foizga ko‘tarilib, tonnasi 313 dollarni tashkil etdi. Jahon bozorida yuqori baholanadigan Tailand guruchining narxi yil boshidan buyon 17 foizga oshib, ayni payt tonnasi 490 dollardan baholangan.

Ta’kidlanishicha, koronavirus pandemiyasi ta’sirida butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat mahsulotlariga talab oshishi natijasida narx-navo o‘sishda davom etmoqda.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun bir qator davlatlar eng zarur mahsulotlar eksportini cheklamoqda. Jumladan, Rossiya, Qozog‘iston va Ukraina bug‘doy eksportiga vaqtincha cheklov e’lon qildi.

“Guruch ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda yetakchi hisoblangan Vyetnam ham ushbu mahsulot eksportini cheklash niyatida“, deb yozadi “Bloomberg”. O‘z navbatida, doimiy ravishda bug‘doy va guruch import qilib kelgan boshqa davlatlar ham narxni ko‘targan.

AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2019-2020 yillarda sayyoramiz bo‘ylab ishlab chiqarilgan tozalangan guruch miqdori rekord darajaga — 500 million tonnaga yetdi. Dunyo zaxiralari esa 180 million tonnani tashkil etadi. Bu tarixiy maksimal ko‘rsatgichdir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!