Bog‘otlik erkak avval sotuvchini, keyin qarindoshini vahshiylarcha o‘ldirdi

Bog‘otlik erkak avval sotuvchini, keyin qarindoshini vahshiylarcha o‘ldirdi

Bog‘otlik Islombek Abdullayevning mash’um jinoiy qilmishi adolat tarozusida tortilgan chog‘ aybni yengillashtiruvchi holatlar ko‘zga tashlanmadi. Og‘irlashtiruvchi jihatlar esa, ancha-muncha tosh bosdi.

…Hammasi Islom o‘zi yashaydigan mahalladagi oziq-ovqat do‘koni egasi Faxriddin Quriyozovga 200 AQSh dollari miqdoridagi pulni galdagi xaridlar uchun oldindan to‘lov tariqasida bergandan so‘ng boshlandi.

…2020 yil 2 aprelda kun peshinga oqqan mahal Islom ushbu pul evaziga mol xarid uchun yana do‘konga keldi. Do‘kon egasi to‘­langan pul shu paytgacha qilingan xaridlar uchun xarjlab bo‘­lingani, atigi 17 ming 500 so‘mlik ha­qi qolganini bildirdi. Ammo qarshi tarafning ham o‘z hi­sob-kitobi bor edi.

Aytishicha, xaridning qiymati do‘­konga top­shi­rilgan pulga qaraganda ancha oz.

Do‘kon sohibi ham bo‘sh kelmadi.

Islomning dalil-isbotini tan olmadi. O‘z nav­batida, xa­ri­dorning ta’biga o‘tirmaydigan dalil­lar­ni ilgari sur­di. Do‘­kon­da­gi tortishuv uzoq cho‘zilmadi. Bir chog‘ Islom kelgan yo‘­liga shitob bilan ketdi. U do‘kondan 30 qa­damcha naridagi go‘sht do‘­koniga kirib, qassobdan bir-ikki daqiqaga pichog‘ini berib turishini so‘radi. Qassob tanishligi bois uning gapini yer­da qoldirmadi. Islom pichoqni cho‘n­tagiga joylagancha oziq-ovqat­ do‘koniga yo‘naldi. Ki­ra so­lib, do‘­kon egasiga tashlandi.

Pi­choq hash-pash deguncha Faxriddinning chap ko‘krak sohasi — qoq yura­giga ikki marta sanchildi. Bu vo­qea do‘­kon egasining turmush o‘r­tog‘i Gulruh Qurbonovaning ko‘z o‘n­gida ro‘y berdi. Dahshatdan ayolning o‘takasi yorilayozdi. Bi­roq u tezda o‘zini qo‘lga olib, olishayotganlarni bir-biridan ajratishga urindi. Bo‘l­madi. Bu paytga kelib, pi­choq bilan qilingan ham­la bois ko‘kragidan og‘ir jarohat olgan Faxriddin jon ho­latda Islombekning qo‘­liga yopishdi. Oxirgi kuchini to‘p­lab, ra­qi­bi qo‘lidagi pi­choq­ni tortib olishga muvaffaq bo‘l­di.

Do‘­kondagi olishuvdan atrofdagilar xabar topgan bo‘l­sa-da, o‘rtaga tushishga hech kim­ning yuragi dov bermadi. «Tomosha»ga gu­voh bo‘lganlar «Tez yor­dam» hamda ich­ki ishlar bo‘limiga xabar be­rishdi. Qilarini qilgan Islom esa, yana iziga qayt­di. Yo‘l-yo‘­lakay yolg‘iz yashayotgan qa­rin­doshi Oybek Quriyozovning uyi­ga kirdi. Unga bir necha da­qiqa muqaddam o‘zi sodir etgan dahshatli vo­qea haqida uzuq-yuluq gapirib berdi. Aslida u qa­rindoshi huzuriga xayrixohlik istab borgandi. Ammo uning o‘yi chippakka chiqdi.

Oybek qa­rindo­shi­ning qil­­­­­mishini eshitib, g‘a­zabi qo‘­­zi­di. Uni qattiq jerkidi, sodir qi­lingan xunrezlikni vahshiylik, noinsoniylikka yo‘ydi.

Islom shu topda o‘zganing o‘git-nasihatiga muhtoj emas, aksincha, o‘z xatti-harakatining oqla­ni­shini xoh­lardi. Qarindoshining tan­be­hi unga og‘ir botdi, o‘zini bu yerda ham haqoratlangan, kamsitilgandek his et­di. Sanoqli daqiqalar muqaddam do‘konda jahl otiga mingan bo‘l­sa, qarindoshining dakkisidan so‘ng tamomila esidan og‘di, ha­qiqiy telbaga aylandi. Shuning uchun Oybekning yuziga qulochkashlab musht tushirdi. Lekin u buni kam bilib, atrofga alangladi, yon­gina­si­dagi temir bolg‘aga ko‘­zi tushgach, uni tez­­da qo‘liga olib, qarindoshiga hez­landi. Bolg‘aning zarbi ojiz ahvoldagi Oybekning boshiga bir emas, bir necha marta yog‘ildi. Xonadon egasi iz­ma-iz berilgan zarbalar zabtidan yerga gursillab qu­ladi. Bir necha daqiqa o‘tgach esa, shu yerning o‘zida jon taslim qildi.

Bu orada Islomning pichoq zarbidan qattiq shi­kast­langan yana bir jabrdiyda — do‘kondor F. Quriyozov ka­salxonada vafot etdi. Bir yo‘­la ikki qotillik, hayoti be­­­­mavrid so‘n­gan ikki nafar beayb, begunoh insonning ayanchli qismati…

Bunday mudhish qilmishni oq­lash yoki xas­po‘sh­lashning imkoni yo‘q. Inson hayoti va sog‘­li­gi­ga qi­lingan tajovuzni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

Islom sudda o‘zi sodir et­gan qotilliklarni oq­lash, izohlashga arzirli biron-bir jo‘yali da­lil keltirolmadi. Turgan gapki, aybini ham xas­po‘shlay olmadi, iqrorlik bildirdi, pushaymonligini bayon etdi.

Sud muhokamasida ishtirok etgan jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari G. Qurbonova, U. Quriyozov, guvoh O. Qurbonov, B. Masharipov, N. Sultonova, SH. Ozodov ham ro‘y bergan mash’um­ jinoiy qilmishning barcha tafsilotlarini ochiq-oydin bayon etishdi. Ayb­lanuvchining xatti-ha­rakatini oq­lay­digan dalillar bu jarayonda ham topilmadi. Uni qo­ralay­di­gan da­lil va holatlar esa, uqtirilganidek, nihoyatda ko‘p va ularning bari ushbu jinoiy hodisaga oid ayblov xulosasida ham o‘z ifodasini topdi.

Tergov organi tumanning Mirishkor qishlog‘i «Ma’­na­viyat»­ mahallasida ro‘y bergan mudhish qotillikni Jinoyat kodeksining qasddan odam o‘ldirishga taalluqli 97-moddasi 2-qis­mi «v», «g», «j», «l», «o», «r» bandlari bo‘­­­­­­­­­yicha malakaladi. Sud ushbu ayblarning barini tarozuga soldi. Taqdim etilgan fakt va da­lillarni o‘rganish chog‘i ushbu ko­deks­ning 97-moddasi 2-qismi «j», «r» bandlari ayb­­­­­­lanuvchiga nisbatan to‘g‘­ri tadbiq qilinganini e’­tirof etdi. Bi­roq ushbu qismning «v», «g», «l», «o» bandla­ri yuza­­si­dan qo‘yilgan ayblar ha­qiqiy holatni to‘la-to‘kis aks ettirmaydi. Chunonchi, ayb­dorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi odamni o‘l­di­rish, o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni yashashdan mahrum etish, bezorilik yo‘li bilan joniga suiqasd qilish, boshqa bir ji­noyat­ni yashirish yoki uning sodir etilishini osonlashtirish niya­ti­da hayo­tiga tajovuz qilish holatlari I. Abdullayev tomonidan amalga oshirilgan qo­tillik harakatida mavjud emas. Sud zikr etilgan ana shu band­lar bo‘yicha qo‘yilgan ayb­larni tan olmadi.

Inson umri Yaratganning iz­mida. U o‘z bandalariga bi­­­­ror kimsani hayotdan judo etishga izn bermaydi. Basharti, bu ish Yaratganning xo­­­­­hi­shiga zid ravishda o‘zga birov tarafidan so­dir qi­linar ekan, u aslo kechirilmasdir.

Sud ashaddiy jinoyatchi Is­lom Abdullayevni qilmishiga yarasha uzoq muddat — 20 yilga ozodlikdan mahrum etish yuzasidan o‘z huk­­mini chiqardi. Lekin qo‘li bir yo‘la ikki begunoh kishining qoniga belangan kimsa uchun bu ja­zo yetarlimikin?! Mudhish ji­noyatga qo‘l urgan kimsa borki, ba­rini ushbu qismat: bir umr­lik vijdon azobi, ilohiy jazo kutadi. Odamiylikdan mosuvo bunday kimsalarni Yarat­gan­ning­gina emas, el-ulusning ham tavqi-la’nati ta’qib qiladi.

Abdulla Sobirov,

jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!