Atrof muhit obodligi jamiyat ko‘rki

Atrof muhit obodligi jamiyat ko‘rki

Bizning milliy va diniy qadryatlarimiz ko‘rsatmasiga binoan inson tozalik, ozodalik va pokizalikka alohida e’tibor qaratishi lozim. Imom Muslim Abu Molik Ash’ariydan qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Poklik imonning yarmidir”, deganlar. Musulmon inson atrof-muhit ozodaligiga alohida e’tibor qaratadi. Pokizalik musulmon insonning shiori hisoblanishi kerak.

Atrof-muhitning ozodaligi jamiyatga baho beradi. Musulmon inson nafaqat o‘zining pokizaligiga, balki xonadoni, mahallasi va vatanining tozaligi uchun harakat qilishi kerak. Ayrim holatlarda chiroyli kiyimda bo‘lgan insonlar tozalikka e’tibor bermasligi ajablanarli tuyiladi. Moshinada ketayotgan bo‘lsa har xil chiqindilarni uloqtirib ketadi. Ko‘chada axlat tashlash uchun qo‘yilgan maxsus idishlarga axlat tashlash o‘rniga yurgan yo‘liga tashlab ketadi. Avtobus chiptalarini ham bekatlarga qo‘yilgan maxsus idishlarga tashlashmaydi. Bu kabi ishlar musulmon kishining odob-axloq doirasidagi ishlar emas!

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uchta la’natlovchidan – suv boshiga, yo‘lga va soyaga qazoi hojat qilishdan saqlaninglar”, dedilar (Abu Dovud rivoyati). Ya’ni biron inson suv boshi, yo‘l va soya joyga hojat chiqarsa odamlarga ozor berib ularning ko‘nglini og‘ritgan bo‘ladi. Natijada barcha uni la’natlaydi. Chunki hadisda sanalgan uch joy barchaning ehtiyoji tushgani uchun hammaga tegishli ekani anglaniladi. Bu hadisni sharhlagan ulamolarimiz la’natga qolish uchun hadisda sanalgan uch joyga hojat chiqarish shart emas. Balki shu kabi joylarni iflos qilib axlat va chiqindilar tashlashi ham la’natga qolishi uchun yetarli bo‘ladi, deganlar.

Atrof-muhit tozaligi uchun barchamiz mas’ul bo‘lamiz. Shu sababdan har kim imkoniyatidan kelib chiqib obodlik uchun o‘z hissasini qo‘shishi kerak. Ko‘chalarda insonlarga zarari tegishi mumkin bo‘lgan tosh, chiqindi, daraxt shoxlari kabi narsalarni bir chetgan olib qo‘yishimizga Alloh taolo tarafidan savob beriladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: (imon shoxining) eng kichigi, yo‘ldagi ozor beradigan narsani olib tashlash”, dedilar.

Xulosa qilib aytganda, inson o‘zi yashaydigan jamiyatning a’zosi hisoblanadi. Har bir inson o‘z jamiyatiga manfaat keltirishga mas’ul.  Vatanimizning har bir yerini pokiza va ozoda saqlashimiz kerak. Farzandlarimizga ham uy va ko‘cha ozodaligi va pokizaligi haqida keng tushinchalar berishimiz bizning vazifamiz. Atrof-muhitimizning tozaligi o‘zimizga beriladigan baho hisoblanadi.

Manba: muslim.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!